
Turizm sohasidagi hamkorlik rivojida yangi qadamlar
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan joriy yilning 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Malayziyada bo‘lib, oliy darajada muzokaralar o‘tkazgan edi.
Tashrif davomida O‘zbekistonda xalqaro darajadagi mehmonxonalar va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, Malayziyaning yirik sayyohlik kompaniyalarini jalb qilish, shuningdek, turizm sohasida malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan kelishuvlar imzolandi.
Xususan, 2025-2026-yillarda Malayziyadan O‘zbekistonga ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini 100 ming nafarga yetkazish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. O‘zbekiston Respublikasi va Malayziya o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, turizm boshqaruvi, turizm sohasida marketing va musulmonlarning do‘stona turizmi (Muslim-friendly tourism) standartlarini joriy etish borasida Malayziya tajribasini o‘rganish hamda respublika mutaxassislari uchun maxsus malaka oshirish kurslarini tashkil etish belgilab olindi.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Malayziyaning SIRIM akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya mehmon bo‘ldi.
JICAning Malayziyadagi vakolatxonasi dastur menejeri Umme Ayman Siddiqiy boshchiligidagi mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Islom iqtisodiyotiva xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev, Magistratura bo‘limi boshlig‘i Ashirali Abdirashidov, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi.
Suhbat avvalida Zohidjon Islomov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, Akademiyaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Bugungi kunda Akademiyada turizm, xususan, ziyora turizmi borasida “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi faoliyat yuritib, “Turizm (ziyorat turizmi)”, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (musulmon mamlakatlari boʻyicha)”, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi”, “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar (mintaqalar va faoliyat turlari boʻyicha)” kabi bakalavr, “Menejment (Ziyorat turizmini tashkil etish va boshqarish)”, “Tashqi iqtisodiy faoliyat (tarmoqlar va faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha)” hamda “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” kabi magistratura mutaxassisliklari faoliyat yuritadi.
Samimiy suhbat davomida O‘zbekiston va Malayziyani o‘zaro teng manfaatlar, bir-biriga yaqin madaniy qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlar mustahkam bog‘lab turishi, ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani e’tirof etildi.
O‘z navbatida JICAning Malayziyadagi vakolatxonasi dastur menejeri Umme Ayman Siddiqiy ham samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, O‘zbekiston Malayziya uchun Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkorlardan biri hisoblanishi, ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan joriy yilning 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Malayziyada safari nihoyatda samarali kechganini qayd etdi. O‘zbekistonning tarixiy va islomiy merosi malayziyalik sayyohlar uchun katta qiziqish uyg‘otishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti (IIUM) o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanishi esa ziyorat turizmi sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Muloqot davomida ikki mamlakat xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilm-fan va turizm sohalaridagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, shu maqsadda ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish