1

Zahiriddin Muhammad Bobur nomi mangu barhayot

Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan bebaho ilmiy-ijodiy meros nainki milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon tamadduni rivojida ham ahamiyati katta. 

Ayni paytda yurtimizda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi keng nishonlanmoqda. 

Sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Buyuk shoir va olim, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi mangu barhayot” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik fakulteti hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, fakultet dekani Jahongir Tohirov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti doktoranti Davronbek Olimjonov, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar tomonidan Bobur Mirzoning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishi ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti doktoranti Davronbek Olimjonov Bobur Mirzo ijodining sarchashmasi hisoblangan memuar asar “Boburnoma” asari haqida ma’lumot berdi. 

Mazkur asar milliy adabiyotimizning noyob durdonalaridan, shuningdek, jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Ushbu qomusiy kitob 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Bobur va boburiylar sulolasiga oid bebaho manbaalar jahonning 70 dan ortiq muzeylarida saqlanyapti.

Tadbirda “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professori Najmiddin Nizomiddinov, Islomshunoslik fakulteti talabalari Faxriddin Nosirjonov hamda Durdona Ergasheva so‘z olib, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, axloq-odob, yaxshilik, vafo, xalqini sevishi unga yaxshilik qiladigan qilib tarbiyalash, insonparvarlik, Vatandan judolik g‘am-alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari hozirgi davr yoshlari tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish