![](https://iiau.uz/storage/94/fe/e4/9121/conversions/21-large.jpg)
Hazrat Navoiyni anglash – milliy o‘zligimizni anglashdir
Buyuk shoir va mutafakkir, xalqparvar davlat arbobi Alisher Navoiyning bebaho merosi el-yurtimiz ma’naviy hayoti va dunyo adabiyoti rivojida alohida muhim o‘rin tutadi. Hazrat Navoiyning muborak siymosi umrini Vatan va xalq saodati uchun baxsh etishni hayot maslagi deb biladigan fidoyi shaxslarni tarbiyalashda barcha davrlar uchun yuksak namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Keyingi yillarda ulug‘ ajdodimizning hayoti va ijodini o‘rganish va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirildi, xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavalludiga 584 yil to‘ldi.
Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilmoqda.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tdi.
“Alisher Navoiy – g‘azal mulkining sultoni” mavzusidagi tantanali marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Farida Afruz, Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa san’ati instituti “Maqom xonandaligi” kafedrasi professori, O‘zbekiston xalq hofizi Erkin Ro‘zimatov, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari Mamlakat Ulashova va Marjona Tosheva, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Akademiya rektori hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov “Hazrat Navoiyni anglash – milliy o‘zligimizni anglash” mavzusida ma’ruza qildi. O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda mutafakkir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi.
Ma’rifiy kecha davomida talabalar tomonidan teatrlashtirilgan “Navoiy va Guli”, “Layli va Majnun”, “Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro suhbati” kabi sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar, g‘azal ijro etildi.
Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa san’ati instituti xonanda va sozandalari, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari Mamlakat Ulashova va Majona Toshevaning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar hamda mumtoz shoirning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi.
Yakunda samarali hamkorlik uchun mehmonlarda Akademiya rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish