12

9-fevral – Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar! 

Aziz talaba-yoshlar! 

Bobomiz Alisher Navoiy tug‘ilgan qutlug‘ 9-fevral sanasi har yili yurtimizda adabiyot va ma’rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlanib, adabiy-ma’rifiy tadbirlar, mushoiralar o‘tkazish an’anaga aylanib ulgurdi. Ayni kunlarda ham atoqli davlat va jamoat arbobi, turkiy tilining asoschisi Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi keng nishonlanmoqda. 

Ma’lumki, buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy 10-12 yoshlaridan she’r yozib ko‘pchilikning nazariga tushadi. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy uning: 

Orazin yopqach, ko‘zumdin sochilur har lahza yosh, 

Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh 

matla’li g‘azalini tinglab: “Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim...” degan.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Zero, alloma asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalar, ona tilimizning cheksiz ifoda imkoniyatlari butun jozibasi bilan namoyon etilib, millionlab kitobxonlarni ezgulikka, ilm-ma’rifatga, komillikka chorlab kelmoqda. Shu bois, Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki butun bashariyatning buyuk ijodkoridir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shubhasiz, bugungi zamonaviy o‘zbek tilining asosi Alisher Navoiy ijod etgan turkiy til yoki O‘rta Osiyo chig‘atoy tili hisoblanadi. Bu borada Alisher Navoiyning o‘zi: 

Turk nazmida chu men tortib alam, 

Ayladim ul mamlakatni yakqalam, deya ta’kidlagan. 

Hazrat Alisher Navoiy haqida so‘z ketganda, u zotni shoir, so‘z mulkining sultoni va davlat arbobi sifatida ta’riflaymiz. Albatta, bu e’tiroflar ham mutlaqo to‘g‘ri ammo, Navoiy hazratlari tolibi ilmlar, ilm-fan va ma’rifiy soha xodimlari qolaversa, muhtoj hamda nochorlarning homiysi, ko‘plab vaqflarning asoschisi sifatida ham e’tirof etish maqsadga muvofiqdir. 

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, hazrat Alisher Navoiy nafaqat ilm-ma’rifatni qadrlagan va unga homiylik qilgan, balki alloma hayoti davomida xalqning farovonligi yo‘lida 373 ta inshoot bunyod etadi, 80 ta masjid, 52 ta rabot, 16 ko‘prik, 4 ta madrasa, 1 ta kutubxona qurilishiga homiylik qiladi. O‘zi ochgan ilm maskanlarida bolalarning bepul ta’lim-tarbiya olishiga sharoit yaratganlar. 

Hurmatli ilmga chanqoq talaba-yoshlar! 

Insonni olam gultojisi deb ulug‘lagan Alisher Navoiyning butun ijodi ezgulik, adolat, nafosat kabi yuksak tuyg‘ular asosida barkamol avlod kamolotiga qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, mutafakkir ijodi bugun ham dolzarb. Zero, zamonaviy dunyodagi turli buhronlar, uzoq-aqin mamlakatlardagi notichlik, adovat va urush o‘choqlarining paydo bo‘lishida ayrim yoshlarning ilm-ma’rifat, ma’naviyatdan yiroqlashuviga sabab bo‘lmoqda. Yoshlarni ilm-ma’rifatga da’vat etish haqidagi mana bu satrlari umrboqiydir: 

Yigitlikda yig‘ ilmning maxzani, 

Qarilik chog‘i sarf qilg‘il ani. 

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Kuni kecha Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida “Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi”, deya ta’kidlaganlari Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-ma’rifiy hamda boy adabiy-badiiy merosiga berilgan yuksak e’tirofdir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tahsil olayotgan yoshlarimizning ham buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganishi, u kishining ibratli bunyodkorlik ishlaridan ibrat olishlari muhim ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, oldimizdagi ezgu maqsadlarimizga yetish, dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lish uchun ham, eng avvalo, yoshlarimizning ilm-ma’rifatli, ma’naviyatli, odob-axloqli va, albatta, zamonaviy, ilg‘or fan sirlarini mukammal egallashi ustuvor o‘rin tutadi. 

Azizlar! 

So‘zim yakunida mutafakkir bobomizning boqiy ma’naviy merosini asrab-avaylash, tadqiq etish barchamizning vazifamizga aylanishi zarurligini yana bir bor ta’kidlagan holda bu yo‘lda sizlarga sihat-salomatlik, ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilayman! 

 

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish