16

Yurtimizda Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi keng miqyosda nishonlanmoqda

Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbiga, ong-u shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. Allomaning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. 

Keyingi yillarda mamlakatimizda ulug‘ bobokalonimizga ehtirom ko‘rsatish, asarlarini o‘rganish, uni dunyoda keng targ‘ib etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, shoir tug‘ilgan qutlug‘ 9-fevral sanasini har yili adabiyot va ma’rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash an’anasi qaror topdi. 

Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan marosimda davlat va jamoat arboblari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, ijodiy tashkilotlar vakillari, talabalar qatnashdi. 

Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari ham ishtirok etdi. 

Tadbir Alisher Navoiy haykali poyiga turli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari vakillarining harbiy orkestr sadolari ostida gulchambar qo‘yish marosimidan boshlandi. Shundan so‘ng tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu buyuk mutafakkirning hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumotlar berishdi.

Alisher Navoiy o‘zining boy ma’naviy merosi, shoh asarlari, nodir devonlari, betakror g‘azal va dostonlari bilan bashariyat tamadduni va adabiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan e’tirof etildi. Yuksak mahorat va betakror so‘z san’ati ohangida yaratilgan, ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho ijod namunalari asrlar osha o‘z mazmun va sayqalini yo‘qotmay, ulkan ma’naviy meros va adabiyotimiz gultojiga aylangani ta’kidlandi.

Xushovoz honandalarning diltortar navolari tadbirga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish