14

Tinchlikning muhim sharti

Munosabat

Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurash bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biridir. O‘zbekiston rahbariyati ushbu sohada samarali va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsad qilib, giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish yuzasidan 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan maxsus milliy dasturni ishlab chiqdi. 

Giyohvandlikning oldini olishda ma’rifiy faoliyatni samarali tashkil qilish muhim hisoblanadi. Bunda ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faol hamkorligi dolzarb hisoblanadi. 

Profilaktika tadbirlarida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish alohida ahamiyatga ega. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida giyohvandlikka qarshi maxsus o‘quv dasturlari joriy etish, o‘qituvchilar va tarbiyachilarni mazkur sohada tayyorlash masalalari muhim sanaladi. Bundan tashqari, axborot texnologiyalari orqali aholiga giyohvandlikning zararlari haqida ma’lumot berish, ijtimoiy tarmoqlarda profilaktika yo‘nalishida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muammoni bartaraf etishning tajribadan o‘tgan, samarali usullaridandir. 

Tahlillar shundan dalolat beradiki, giyohvandlikka moyillik ko‘proq axborot va ta’lim yetishmasligi sababli yuzaga keladi. Shuning uchun ota-onalar va oila a’zolarini mazkur yo‘nalishda xabardor qilish uchun maxsus treninglar va seminarlar tashkil etish muhim. Bunday tadbirlar oilaviy muhitda giyohvandlikka qarshi immunitet shakllantirishga ko‘maklashadi. 

Saidafzal Saidjalolov, 

 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, 

 tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori 

 Manba: “Jamiyat” gazetasi 2025-yil 6-fevral, 5-son

Gazetani yuklab olish uchun

Izoh qoldirish