Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2010-yil 20-oktabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili fevral oyining birinchi haftasi “Dinlararo hamjihatlik haftaligi” hamda 2020-yil 21-dekabrdagi rezolyutsiyaga binoan har yilning 4-fevral sanasi “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” deb e’lon qilingan.
Ma’lumki, 2019-yil 3-fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Insoniy birodarlik bo‘yicha anjumanda Rim Papasi Fransisk va Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib o‘rtasida “Insoniy birodarlik – xalqaro tinchlik va hamjihatlik omili” nomli hujjat imzolangan.
Hujjat imzolanishi natijasida BMT tomonidan 4-fevral – Xalqaro insoniy birodarlik kuni deb e’lon qilindi. Bu kunni BMTga a’zo davlatlarda ilm-fan, diniy yetakchilar va jamoatchilik faollari ishtirokida keng nishonlash belgilangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan joriy yilning 4-8-fevral kunlari “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” shiori ostida ilmiy, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari haftaligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlardan asosiy maqsad insoniy birodarlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va diniy e’tiqodlar xilma-xilligini tushunish dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashda muhim omil ekanini yana bir bor isbotlashdan iborat.
Haftalik tadbirlari bugun “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar bilan boshlandi.
Seminarda UNESCO xalqaro tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi UNESCO milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi vakillari, dinshunos ekspertlar, taniqli olimlar, yurtimiz faoliyat olib borayotgan konfessiyalar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan “Insoniy birodarlik” nomli ushbu muhim tarixiy hujjat Sharq va Gʻarb mamlakatlari o‘rtasida dinlararo muloqotni rivojlantirib, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Chindan ham, deklaratsiyadagi din insonlarni e’tiqodidan qat’iy nazar o‘zaro mehr-oqibatli va birodar bo‘lish, munosabatlarda yuksak madaniyat va insonparvarlikka erishish, dunyoning turli burchaklarida yashayotgan yordam va e’tiborga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan fikrlar jahon hamjamiyati tomonidan olqishlandi. Shuningdek, qurollanish poygasi, ijtimoiy adolatsizlik, korrupsiya, tengsizlik, ma’naviy tanazzul, terrorizm, diskriminatsiya, ekstremizm va boshqa ko‘plab ma’naviy va mafkuraviy illatlar oqibatida dunyoning turli burchaklarida vujudga kelgan qashshoqlik, o‘zaro nizolar va azob-uqubatli kechinmalarga qarshi kurashda hamjihat bo‘lishga qaratilgan chaqiriqlar ham e’tiborga molik.
Shu kuni Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan “Sen yetim emassan” mavzusida sahna ko‘rinishi tashkil etildi.
O‘z navbatida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida O‘zbekistondagi milliy-madaniy markaz vakillari tomonidan badiiy chiqishlar ham taqdim qilindi.
Izoh qoldirish