Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum qadrli ustozlar!
Aziz talaba-yoshlar!
Bugun biz mustaqil davlatimizning huquqiy asosi, jamiyat barqarorligi va inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilayotgan Bosh Qomusimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligini xalqimiz bilan bir qatorda tantanali nishonlamoqdamiz.
Konstitutsiya – demokratik islohotlarimizning asosiy kafolati, mamlakatimizda adolat, erkinlik va tenglik tamoyillarini amalda qaror toptirishga qaratilgan ulkan huquqiy hujjatdir. Shu bois, ushbu sana “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida keng miqyosda o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 21-noyabrdagi qaroriga muvofiq, barcha taʼlim muassasalari qatorida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Konstitutsiya darslari”, tanlovlar, viktorinalar, davra suhbatlari va maʼrifiy tadbirlar uyushtirilmoqda. Akademiya professor-oʻqituvchilari davlat va nodavlat tashkilotlarida Konstitutsiyaga bagʻishlangan seminar-treninglar oʻtkazib, aholi va yoshlar oʻrtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga munosib hissa qoʻshmoqda.
Qadrli hamkasblar!
Xabaringiz bor, yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilindi. Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha barcha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topdi.
Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh gʻoyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.
Yurtimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi atroflicha muhokama qilinib, bu jarayonda fuqarolarimiz, keng jamoatchilik vakillari, ayniqsa yoshlar befarq boʻlmasdan, oʻz taklif va mulohazalari bilan faol qatnashganligini alohida qayd etish joiz.
Mehnat jamoalari, oliy oʻquv yurtlari, mahalla faollari va ziyolilar bilan boʻlib oʻtgan muhokamalarda qariyb 10 mingta qoʻshimcha taklif kelib tushgan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangilash boʻyicha jami 222 ming 715 ta taklif olinganligi, Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimiz jipslashgani, Bosh qomusimiz tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlganidan dalolat beradi.
Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Bosh Qomusimiz Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Bu borada Prezidentimizning quyidagi fikrlarini keltirishni joiz deb bildim:
“Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yoʻllarini keng ochib berdi”.
Aziz talabalar!
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlar va taʼlim sohasiga qaratilgan qator muhim normalar oʻz ifodasini topgani bugungi tadbirimiz uchun, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilab qoʻyildi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.
Ertamiz egalarining intellektual, maʼnaviy va jismoniy rivojiga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish, ularni kasbga yoʻnaltirish, isteʼdodlarni ragʻbatlantirish borasidagi kafolatlar mustahkamlandi. Taʼlim va tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik tamoyili asos boʻlib xizmat qiladi.
Bu normalar har bir yoshning ilm olish, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish va kelajakda munosib oʻrin egallash imkoniyatini yanada kengaytiruvchi muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Akademiya jamoasi, bu yerda faoliyat olib borayotgan tajribali ustozlar, malakali mutaxassislar ham talabalarning chuqur bilim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish borasida tinimsiz mehnat qilmoqda. Zotan, yoshlarni dunyoviy taʼlim sohasiga javob beradigan, din va dunyoviy ilmlarni puxta egallagan mutaxassis-kadrlar sifatida jamiyatda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishini taʼminlash Akademiya jamoasining asosiy maqsadidir!
Azizlar!
Soʻzim yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi bilan Akademiya jamoasi, professor-oʻqituvchilari, magistr va talabalari hamda ishchi-xodimlarini chin qalbimdan muborakbod etib, ilm-maʼrifat ziyosini olamga yoyish orqali inson va jamiyatga saodat ulashishdek ulugʻ maqsad yoʻlida barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va saodat tilayman!
Muzaffar KAMILOV,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish