Konstitutsiya – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga joriy yil 33 yil toʻladi. Bu muddat yillar, asrlar suronida juda qisqa fursat, albatta. Biroq uning mamlakat rivoji, xalqimiz turmush farovonligi, huquqlarini taʼminlashdagi oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.
Ma’lumki, yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilindi. Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha barcha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topdi.
Oʻtgan qisqa vaqt mamlakat uchun muhim oʻzgarishlar davriga aylandi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yangilanishlarga asos boʻlgan ushbu hujjat Oʻzbekistonning demokratik islohotlardan aslo ortga qaytmasligini, qonun ustuvorligi va barqaror rivojlanishga mudom intilishini tasdiqlaydi.
Asosiy qonunimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 21-noyabr sanasida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.
Hujjat bilan tasdiqlangan dastur doirasida bu yilgi bayram tantanalari “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh gʻoya asosida keng miqyosda nishonlanishi belgilandi. Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab bayram shodiyonalari yuqori kayfiyatda davom etmoqda.
Xususan, bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Konstitutsiya – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, dotsent Bekzod Narimanov, Toshkent davlat yuridik universiteti jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Abrorjon Otajonov hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Akademiya rektori Muzaffar Kamilov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan yig‘ilganlarni muborakbod etdi.
Shundan so‘ng ma’ruzachilar – Bekzod Narimanov, Abrorjon Otajonov hamda Nasimbek Azizov so‘zga chiqib, demokratik davlatning vujudga kelishi shart-sharoitlari, uning taraqqiyot bosqichlari, barkamol avlod, yetuk shaxs tarbiyasi, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.
O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.
Yurtimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi atroflicha muhokama qilinib, bu jarayonda fuqarolarimiz, keng jamoatchilik vakillari, ayniqsa yoshlar befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashganligini alohida qayd etish joiz.
Mehnat jamoalari, oliy o‘quv yurtlari, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif kelib tushdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangilash bo‘yicha jami 222 ming 715 ta taklif olinganligi, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimiz jipslashgani, Bosh qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘lganidan dalolat beradi.
Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Bosh Qomusimiz Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Rasmiy chiqishlardan so‘ng marosimning badiiy qismi boshlandi.
Akademiya talabalari tomonidan she’rlar, “Qomusimiz” qo‘shig‘i ijro etildi. Mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish