2

Behbudiy va Turkiston madaniy muhitida yangilanish jarayonlari

Bugun Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Behbudiy va Turkiston madaniy muhitida yangilanish jarayonlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjumanda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Saidakbar Agzamxo‘jayev, alloma faoliyati va merosi yuzasidan tadqiqotlar olib borgan 50 nafarga yaqin olimlar, talaba yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Akademiya professori tadbir davomida “Jadid ma’rifatparvarlarining qarashlarida islom madaniyati tushunchasi” mavzusida ma’ruza qildi.

Ilmiy-amaliy anjumandan ko‘zlangan maqsad Turkistondagi jadidchilik harakati namoyandalari faoliyatining hozirgi kundagi ijtimoiy, madaniy va tarbiyaviy ahamiyatini o‘rganish, madaniy merosini mustaqillik yillarida o‘rganilishi, xalqqa qaytarilishi va ularning milliy istiqlol g‘oyasi targ‘ibotidagi ahamiyati masalalarini tahlil qilish, alloma merosining ma’naviy-ma’rifiy masalalari bugungi barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini aniqlashdan iborat.

Mahmudxo‘ja Behbudiy zamonasining qora kuchlari qarshiligiga qaramasdan, Turkistonda yangi usul maktablari tashkil qilish, darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator asarlar va maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand”, “Oyina” nomli gazeta va jurnal nashr qildi. 1911- yili o‘zbek milliy teatrining debochasi uchun ilk pyesasini yaratib Turkiston ziyolilari orasida katta e’tibor qozondi. 1914-yili “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkamizda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi. Afsuski, atoqli adib va jamoat arbobi yovuz kuchlar qurboni bo‘ldi.

Tadbirda oʻzbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, alloma boshlab bergan jadidchilik harakati haqida soʻz yuritildi.

Taniqli olimlar, shoir-yozuvchilar tomonidan Mahmudxo‘ja Behbudiyning asarlari yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi, buning uchun esa allomaning bebaho merosini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib etish kerakligi alohida ta’kidlandi.

Izoh qoldirish