Yangi Oʻzbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori
Keyingi yillarda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kamol toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham har tomonlama chuqur bilim, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash muhim mezon hisoblanadi. Akademiya rahbariyati va talabalar o‘rtasida samimiy muloqot o‘rnatish, har bir talabaga mamlakatimizning “oltin fondi” deb qarash va ularni qo‘llab-quvvatlash doimo eng asosiy masala bo‘lib kelgan.
Shu maqsadda Akademiyada “Rektor va yoshlar” uchrashuvlarini o‘tkazish muntazamlik kasb etgan. Bugun ham Islomshunoslik fakulteti talabalari uchun “Rektor va yoshlar” muloqoti o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet dekani Jahongir Tohirov, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Muloqotni Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimiz davlati siyosatining eng asosiy omillaridan biri – yoshlar ekani, barcha sohalar qatori yoshlarga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ham O‘zbekiston yoshlariga bayram tabriklarida “Farzandlari bilimli, iste’dodli, o‘zining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorug‘ bo‘ladi. Biz O‘zbekiston yoshlarini ana shunday ezgu fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, deb bejizga ta’kidlamaganlar.
Zero, har qanday davlatning jadal rivojlanishi, muayan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liqdir.
Samimiy muloqot davomida Akademiya rektori talabalarning muomala madaniyati, xulqi-odobi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi zarurligini, buning uchun esa talabalar shaxsiy namuna ko‘rsatishi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart ekanini qayd etdi.
Bu borada mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar har bir insonni ogohlikka, befarq bo‘lmaslikka chorlayotgani, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish dolzarb masala ekani qayd etildi.
Ayni paytda dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik gʻoyalarning tarqalishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Bu borada yoshlarga to‘g‘ri tushuncha berish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerakligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflari bilan murojaat qilishdi. Muloqot yakunida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish