1

Tinchlik – dunyo dinlarining muhim tamoyili

Tinchlik – bu insoniyatga Alloh taolo tomonidan berilgan eng oliy ne’mat hisoblanadi. Tinchlikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash zimmamizdagi eng oliy burchdir. Zero, Hadisi sharifda: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”, deb bejiz qayd etilmagan.

Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Tarixiy haqiqat shundan shohidlik beradiki, ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyatning rivojlanishi barqarorlik va tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bog‘liq bo‘lgan.

Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan o‘z ta’sir doiralarini kengaytirish maqsadida, amalga oshirayotgan g‘oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqda. Qator davlatlar, xususan, ko‘plab musulmonlar istiqomat qiluvchi yurtlar siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan kechirmoqda. 

Xususan, 2024-yilning 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, dunyodagi vaziyatga yig‘ilganlar e’tiborini qaratib, tinchlik va birlikning ahamiyatini ta’kidlab shunday degan edilar:

“Mana shunday g‘oyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz”.

Darhaqiqat, tinchlik va xotirjamlik – bugungi ziddiyat davrida suv va havodek zarurdir. Uning qadriga yetish, yoshlarni ham Yaratgan bergan bu tengsiz ne’matlarni qadrlashga o‘rgatish zarur.

Shu maqsadda bugun poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida “Tinchlik – dunyo dinlarining muhim tamoyili” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Nufuzli anjumanda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Andre Algermissen, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi a’zosi Guldana Avezdurdiyeva, Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich, Toshkent shahar yahudiylar jamoasi raisi Arkadiy Isaxarov tabrik so‘zlari bilan ochib berdilar.

– O‘zbekistonning tinchlik va bag‘rikenglik siyosati e’tirofga loyiq, – deydi Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Andre Algermissen. – Turli din vakillari yonma-yon, hamjihatlikda yashamoqda. Bu yutuqlar zamirida yurtingizning chuqur tarixiy merosga ega ekanligi mujassam. Dunyodagi siyosiy nizolar davrida O‘zbekiston o‘zining bu yutuqlaridan faxrlansa arziydi. Ahamiyatlisi, bag‘rikenglik degan tushuncha shunchaki tilda emas, davlat rahbari boshchiligida amalga namoyon bo‘lmoqda.

Konferensiyada dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, etnik-madaniy birlashmalar, diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniy markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ham qatnashdi.

Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan maqsad jahon dinlarida tinchlik va totuvlik tamoyillarining tahlili, zamonaviy muammolarni hal qilishda ularning rolini muhokama qilish hamda dinlararo muloqotni mustahkamlashdan iborat.

Anjumanda “Islom – tinchlik va ezgulik dini”, “Bag‘rikenglik: xristian dini misolida”, “Dinshunoslikning tinchlik va dinlararo muloqotni ta’minlashlashdagi o‘rni”, “Xristian dinida tinchlik va barqarorlik g‘oyalari”, “Yoshlarda diniy psixologik immunitetni shakllantirish – tinchlik va barqarorlik omili”, “Dinning ekologik masalalardagi roli: Diniy qadriyatlar va tabiatni muhofaza qilish”, “Buddaviylikda tinchlik tamoyili”, “O‘zbekistonda diniy konfessiyalar faoliyati” hamda “Dinlarning xilma-xilligi bilan bog‘liq mavzularni OAVlarda yoritishning o‘ziga xosligi” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Rim-katolik cherkovi yepiskop Yeji Matsulevich, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri, professor Zebo Kasimova, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Najmiddin Nizomiddinov, dotsent Dilafruz Turdiyeva, dotsent Mohira Abdullayeva, Toshkent shahar Rus pravoslav cherkovi ruhoniysi Sergey Statsenko, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Ma’murjon Erkayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bosh mutaxassisi Yahobek Hayitaliyev ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Rasmiy kirish nutqlaridan so‘ng turli mavzularda ma’ruzalar tinglanib, birgalikda muhokama etildi. 

So‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi tahlikali, diniy, irqiy nizolar avj olgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvarlik, insonparvarlik siyosati e’tirof etildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2023-yil 19-sentabrdagi 78-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari asosida 2024-yil 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda dunyoning 22 ta mamlakatidan 70 dan ortiq xorijiy mehmonlar — ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar, xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdi. 

2024-yil 16-noyabr kuni esa poytaxtimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusida an’anaviy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi ko‘plab davlatlardan mehmonlar qatnashdi.

Ma’ruzachilar tomonidan davlatimiz rahbari boshchiliklarida mamlakatimizda bag‘rikenglik tamoyilini mustahkamlash, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, dunyoga O‘zbekiston bag‘rini keng ochish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Milliy madaniy markazlar mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millatlar qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analarining bardavomligini ta’minlash barobarida, yoshlarimizni o‘zga elatlar madaniyatini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani e’tirof etildi.

Ushbu tadbirlar jamiyatda millatlararo totuvlikni, bag‘rikenglik va insonparvarlikni yanada mustahkamlashga, xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi do‘stona, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Konferensiya yakunida “Tinchlik va o‘zaro hamjihatlik deklaratsiyasi” qabul qilindi. Hamkorlik memorandumlari imzolandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish