3

Mahmudxoʻja Behbudiy – Turkiston jadidchilik harakatining yetakchisi

19-yanvar – Mahmudxoʻja Behbudiy tavallud topgan kun 

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining yetakchisi, din va jamoat arbobi, pedagog, noshir, siyosiy arbob, mohir publitsist va o‘zbek dramaturgiyasining asoschisi hisoblanadi. 

Alloma tariximizning g‘oyat og‘ir va murakkab bir davrida yashadi. Avlodlarni ozodlik uchun kurash ruhida tarbiyalash, ma’rifat va taraqqiyotga boshlash yoʻlida millat oydinlariga boshchilik qilish Mahmudxo‘ja Behbudiyning chekiga tushgan edi. Bu yoʻlda Behbudiy haqiqiy maʼnoda Turkiston jadidlariga bosh boʻlib xalq maʼnaviyatini koʻtarish, millatni mustaqillik sari boshlash yoʻlida koʻplab asarlar, maqolalar yozdi. “Samarqand” gazetasi, “Oyna” jurnalini ta’sis etdi. “Qiroatxonayi Behbudiya” nomi bilan kutubxona ochdi va “Padarkush” dramasi bilan yoshlarni oʻqishga, ota-onalarni farzandlarini oʻqitishga chaqirdi. Ammo zolim tuzum tomonidan 44 yoshida qatl qilindi. 

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng barcha ma’rifatparvarlar qatorida Mahmudxo‘ja Behbudiyning ham faoliyati va ijodi Begali Qosimov, Naim Karimov, S.Ahmad, Z.Abdurashidov kabilar tomonidan o‘rganila boshlandi. 

Adiblar xiyobonida Mahmudxo‘ja Behbudiyning muazzam haykali o‘rnatildi. Alloma hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” hujjatli seriali (6 qismli) suratga olindi, Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi ochildi. Prezidentimizning 2020-yilning 30-sentabrdagi “Ma’rifatparvar jadidchilik harakati namoyandalarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov va Abdulla Avloniy “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Joriy yilning 3-yanvar sanasida davlatimiz rahbari tomonidan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”giqarori imzolandi. Bu qaror bilan behbudiyshunos olimlar va tarixchilar oldiga mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami va uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni chop etishdek muhim bir vazifa qo‘yildi. Shuningdek, qarorda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va shu kabi boshqa vazifalar ham belgilandi.

Xulosa qilib aytganda Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifiy faoliyati va qoldirgan boy ma’naviy merosi yosh avlodni tarbiyalashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. 

Ayubxon Raxmatxonov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islomshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi

Izoh qoldirish