1

Buyuk ma’rifatparvar adib Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi – avlodlar e’tirofida!

Yurtimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. XX asr oʻzbek adabiyoti va sanʼati, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan bu ulugʻ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlib qoldi. 

Keyingi yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2024-yil 27-dekabr sanasida davlatimiz rahbari tomonidan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Yubiley sana munosabati bilan bugun poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida “Buyuk ma’rifatparvar adib Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi – avlodlar e’tirofida!” nomli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan adabiy uchrashuvda Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori, professor Zulhumor Mirzayeva, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar. 

Tadbirda oʻzbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, alloma boshlab bergan jadidchilik harakati haqida soʻz yuritildi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan talaba-yoshlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-maʼnaviy faoliyati haqida qiziqarli maʼlumotlar berildi. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy chor hukumati va mahalliy mutaassib kuchlarning mislsiz qarshiligiga qaramasdan, yurtimizda birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktablar tashkil qilish, ular uchun zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator salmoqli asarlar va ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos soldi. 1914-yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkamizda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi. Afsuski, atoqli adib va jamoat arbobi bo‘lgan bu mutafakkir zot 44 yoshida yovuz kuchlar qurboni bo‘ldi.

Taniqli olimlar, shoir-yozuvchilar hamda talabalari tomonidan Mahmudxo‘ja Behbudiyning asarlari yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga, shu asosda ularni yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi, buning uchun esa allomaning bebaho merosini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib etish kerakligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan yig‘ilganlarga talabalarga Behbudiy monologidan parcha namoyish etildi.

Muxtasar aytganda, millat va Vatan mustaqilligi, taraqqiyoti yo‘lida fido bo‘lgan inson – Mahmudxo‘ja Behbudiyning nomi xalqimiz yuragida mangu yashashi shubhasiz.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish