1

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar! 

Aziz talabalar! 

Ayni kunlarda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti kafolati bo‘lgan, o‘zbek xalqi vatanparvarligi, birligi va qudratining haqiqiy ramziga aylangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 33 yil to‘ldi. 

Shu munosabat bilan, avvalo, Siz azizlarni, siz orqali butun xalqimizni, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlarini 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman! 

Dunyoda sharafli kasblar ko‘p, ular orasida eng sharaflisi va qadrlisi o‘z ona Vatani va xalqining tinchligi uchun xizmat qilishdir. Tinchlik – bebaho ne’mat! Bugun dunyoda kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, turli ko‘rinishdagi tahdidlar fonida sodir bo‘layotgan tendensiyalar eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ekanini yana bir bor anglatmoqda. Zotan, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan vaziyatni chuqur tahlil qilgan holda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarning milliy va jangovar ruhini yanada oshirish, axloqiy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash dolzarb vazifamiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 12-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, degan ta’kidlari ham bejiz emas. 

Shu o‘rinda ulug‘ muhaddis alloma bobomiz Imom Buxoriydan rivoyat qilingan ushbu hadisni yodga olaylik: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”. 

Darhaqiqat, yurt mustaqilligi va xalq ozodligi yo‘lida aziz jonini fido qilgan vatanparvar, xalqparvar insonlarning, xususan, ma’rifatparvar jadid bobolarimizning Vatanga muhabbati naqadar ulug‘, imonlari qanchalik mustahkam bo‘lgani yana bir bor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. 

Ota-bobolardan meros ona Vatanimizni himoya qilish, har zarra tuprog‘ini aziz bilish, dono xalqimiz o‘zligini asrash, uning ozodligi va mustaqilligini qadrlash barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir. 

Qadrli yoshlar! 

Har yili 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan respublika bo‘ylab turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, harbiy-vatanparvarlik ruhida tadbirlar o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sana munosabati bilan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. 

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, ona Vatanga sadoqat hissini shakllantirish maqsadida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu esa yoshlarimizda Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yanada kuchaytirishi shubhasiz. 

So‘nggi yillarda mazkur sana xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib ulgurdi. Chunki Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir. 

Chindan ham, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz va ularning saflarida o‘z xizmat vazifasini sidqidildan ado etayotgan harbiylarimizning ham munosib hissasi bor.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida “Bugungi kunda navqiron avlodimiz o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bog‘layotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday o‘turak farzandlarimiz timsolida bo‘lg‘usi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning bo‘lajak ofitser va generallari, mohir qo‘mondonlarni ko‘ramiz”, deb ta’kidlaganlari barchamizga o‘zgacha ishonch, kuch va shijoat bag‘ishlamoqda. 

Azizlar! 

So‘zim yakunida Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram — Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor tabriklayman! 

Tinch va osuda yurtimiz yanada taraqqiy etsin! Sarhadlarimiz posbonlari sog‘-salomat, barcha yaqinlarimiz omon bo‘lsin! 

 Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish