1

Vatan himoyasi – har birimizning muqaddas burchimizdir

Vatan – ajdodlarimiz kindik qoni to‘kilgan muqaddas dargoh. Vatan – xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi, muqaddas qadriyat hisoblanadi. Xo‘sh, bu muqaddas tuyg‘u nimadan kuch oladi? Vatan qayerdan boshlanadi?

Vatanni sevish, uning har qarichini ardoqlash, yurt ravnaqi uchun imkon qadar hissa qo‘sha olish chin insonlik martabasidir. Vatanparvarlik, yurtga sadoqat, xalq xizmatiga kamarbastalik esa kishi ma’naviyatidan, ilm-ma’rifati, tarbiyasidan darak beradi. Shu fazilatlar insonni yuksaltiradi, hurmat-e’tiborga sazovor qiladi.  

Ta’kidlash joizki, osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik – tinchlik tufaylidir. Tinchlikning qadriga yetib yashash kerak. Shu aziz Vatan barchamizniki ekan, uni avaylab-asrash ham barchamizning chin farzandlik burchimiz bo‘lib qolishi zarur.

14-yanvar esa mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, yorug‘ istiqboli yo‘lida matonat va g‘urur bilan mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimiz uchun ulug‘ bayram, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Bayram tantanalari bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham yuqori kayfiyat va o‘zgacha shukuh bilan davom etdi. Akademiyada “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Ozoda Bekmurodova, iste’fodagi general-mayor Jumabekmurod Murtazayev, O‘zbekiston “VETERAN” jangchi faxriy va jangovor harakatlar nogironlari Birlashmasi raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar jangchi faxriylar Kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Rustam Sultanov, “VETERAN” jangchi faxriy va nogironlar Birlashmasi a’zolari, Akademiya prorektorlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida bugungi kunda yurtimizda harbiy sohaga berilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, milliy armiyamizni modernizatsiyalash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini oshirish bilan bir qatorda harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun ajoyib sharoitlar yaratib berilmoqda. Mazkur islohotlar natijasida milliy armiyamiz Vatanimiz chegaralari daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligining ishonchli kafolati bo‘lishi bilan birga, yosh avlod uchun mardlik, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi, Vatanimizga sevgi va sadoqat hislarini tarbiyalaydigan hayot maktabiga aylandi. 

Shundan so‘ng tadbirning badiiy qismi boshlandi. 

Bayram tadbirida Bojxona qo‘mitasi harbiy orkestri chiqishlari, talabalar ijrosida “Ostona” nomli sahna ko‘rinish, “Men albatta askar bo‘laman!”, “Biz chegarachi”, “Buyuk ajdodlar”, “Vatanni sotma”, “Askar” qo‘shiqlari ijro etildi. Akademiya talabalaridan iborat “Qalqon” jamoatchilik guruhining jangovar chiqishlari esa tadbirga o‘zgacha kayfiyat ulashdi. Vatan, yurt himoyasi tarannum etilgan she’rlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish