2

Ijodkor ayollar maslahat kengashi tashkil etildi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Ijodkor ayollar maslahat kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda uyushma vakillari, ijodkorlar, olima va har sohada faol bo‘lgan ayollar jam bo‘ldi. Uchrashuvni uyushma raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda jamiyatimizning har bir bo‘g‘inida xotin-qizlar faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. 

Uchrashuvni uyushma raisi o‘rinbosari Farida Afro‘z olib bordi va ushbu kengashni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va uning vazifalari haqida so‘zladi. Yurtimizning chekka-chekka hududlarida yashaydigan, adabiyot olamida o‘z yo‘lini topolmayotgan ijodkor ayollarni izlab topishni, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishni, milliy urf-odatlarimizni xalqimiz, yoshlarimiz onggiga sheʼriyat, adabiyot orqali yetkazishni kengash o‘z oldiga katta maqsad qilib qo‘ygani taʼkidlandi. 

Ijodkor ayollar maslahat kengashida yurtimizdagi taniqli olimalar, fan doktorlari, professor-o‘qituvchilar, deputatlar, davlat tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda ishlab kelayotgan xotin-qizlar, elimiz suygan shoiralar, san’atkorlar o‘rin olgan. Ahamiyatlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti Nargiza Shoaliyeva ham kengash a’zoligiga qabul qilindi.

Yig‘ilishda “Xalqaro alla festivali”, “Zulfiya” mukofoti sovrindorlari uchrashuvi, “Mushoira etadi davom”, “Istiqlol mening madhimda” nomli nazm va navo kechalari, mavsumiy sayllarni o‘tkazish, shoirlar, yozuvchilar va sanʼatkorlarning ijodiy hamkorligini kuchaytirish kabi qator vazifalar bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi aytildi. 

Ishtirokchilar kengash faoliyati yuzasidan ijodkor ayollarning kitobxonlik targ‘ibotlarini o‘tkazish, telekanallarda ayollar faolligini aks ettiruvchi ko‘rsatuv loyihalarini ko‘paytirish, “Saodat” jurnalida “Asrimiz adibalari” ruknini ochish, adibalarning asarlarini boshqa tillarga tarjima qilish, kitoblarini chet davlatlarda nashr ettirish, tarjimonlar faoliyatini kengaytirish, turli millat adiblari bilan uchrashuvlar tashkil qilish lozimligi haqidagi qator takliflarini berdi.

Yakunda kengash faoliyati yuzasidan chora-tadbirlar kelishib olindi. 

Manba: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 

Axborot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish