1

Diniy ta’lim muassasalari pedagog xodimlari uchun malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari pedagog xodimlari uchun “Islomshunoslik (islom tarixi va manbashunoslik, qur’onshunoslik va hadisshunoslik, fiqh va kalom ilmi)” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. 

144 soatga mo‘ljallangan mazkur o‘quvlarda jami 16 nafar tinglovchi ishtirok etmoqda. 

Tasdiqlangan o‘quv rejaga muvofiq, belgilangan jadval asosida sohaning malakali mutaxassislari tomonidan dars mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur malaka oshirish o‘quvlarida tinglovchilarning diniy bilimlarini oshirish bilan bir qatorda ularning yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, davlat va din munosabatlarining huquqiy asoslari, din bilan bog‘liq geosiyosiy jarayonlar tahlili, zamonaviy ta’lim texnologiyalari va ularni dars mashg‘ulotlarida samarali qo‘llash usullari hamda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risidagi malaka va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsad qilingan. 

Shuningdek, dars mashg’ulotlaridan so’ng tinglovchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur reja muvofiq, tinglovchilarga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati, bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichidagi ta’lim yo‘nalishlari hamda Akademiya “Manbalar xazinasi” bo‘limida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma asarlar haqida ma’lumotlar berildi.

Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

Izoh qoldirish