O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari va xodimlariga YANGI YIL TABRIGI
Assalom-u alaykum qadrli hamkasblar, muhtaram ustozlar, aziz talaba-yoshlar!
Mana shu shukuhli damlarda, butun Akademiya jamoasi – Siz azizlarni, ilmga chanqoq talaba-yoshlarni Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Xabaringiz bor, 2024-yil 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildilar. Tabiat so‘ziga hamisha ona so‘zini qo‘shib aytamiz. Biz doimo atrofda, borliqda mavjud narsalarni asrashga intilamiz. Yangi yilga bunday nom berilgani ana shu qadriyatlarimizga juda mos bo‘ldi. Bu yangi O‘zbekistonda ona tabiatni asrab-avaylab, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir ifodasi, desak adashmaymiz.
Davlatimiz rahbari “Yoshlarimiz ong-u tafakkurida milliy g‘urur bilan birga umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptirish maqsadida yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish zarur. Farzandlarimizni zamonaviy bilim va dunyoqarash, daromadli kasb egalari etib tarbiyalash, ularni ilm-fan, IT texnologiyalar, ma’naviyat, san’at va adabiyot, sport bilan oshno etish uchun hech narsani ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, deya ta’kidlab, oldimizda turgan muhim vazifalarni ko‘rsatib berdi.
Bugun yangi O‘zbekistonda yosh avlod kamoloti, ularning dunyoda raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar bo‘lib, jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi, yoshlarimiz xalqaro maydonlarda iste’dod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish davlatimizning bosh maqsadi ekanini barchamiz anglab turibmiz.
Talabalarimizga ilm-fan cho‘qqilarini egallashi, har jihatdan yetuk, davr talabiga javob bera oladigan malakali mutaxassislar qilib tayyorlash maqsadida Akademiya o‘quv jarayonlariga xorijdan professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari jalb qilingan.
Yaqinda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazida vazirlik tomonidan “Islohotlar bilimdoni” keng tarmoqli respublika ilmiy-ma’rifiy ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Akademiyaning “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mazkur tanlovning final bosqichiga qadar yetib kelib, yakunida faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Bu, Akademiyamiz professor-o‘qituvchilarining bilimi va pedagogik mahoratidan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan qanchalik xabardor ekanidan darak beradi.
Yana bir xushxabar barchamizga faxr ulashdi. Akademiya professorlari Aftondil Erkinov va Najmiddin Nizomiddinovning biografiyasi “Sceince & Innovation” ilmiy jamiyati tomonidan “O‘zbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi”ga kiritildi.
Akademiyada pedagog xodimlarini KPI asosida baholash me’zonlari tasdiqlandi va www.my.iiau.uz platformasida raqamlashtirildi. Shuningdek, talabalar bilimini baholash, davomat va ta’lim jarayoni ham raqamlashtirildi.
Qayd etish kerak, 2024/2025-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichining bir guruh talabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib ko‘rildi. Ahamiyatlisi, mana shu iqtidorli yoshlar safida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining to‘rt nafar iste’dodli talabasi ham bor.
Xususan, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi Muslima Rahmonova, Islomshunoslik fakulteti “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ma’mura Omonova, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi)” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Husniyabonu Hazratqulova Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasiga, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Muslima Abdumalikova Islom Karimov nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgani bilan faxrlanamiz va ularni chin qalbdan muborakbod etamiz!
Aziz talaba-yoshlar!
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va jamoasi, Sizlarning intellektual bilim va mutaxassislik kasblarini chuqur egallashingiz hamda kelgusida yurtimiz rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakat kelajagi uchun mas’uliyatli kadrlar bo‘lib kamol topishingiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni doimo ustuvor vazifa deb biladi.
O‘z navbatida Siz aziz talaba-oshlarimiz, Yangi yilni xursandchilikda kutib olgan holda, qishki ta’tilni ibratli, ezgu amallar bilan o‘tkazib, ota-onalaringiz, yaqin do‘st-qarindoshlaringizga shodlik va quvonch ulashib, Akademiyangiz, ustozlaringiz bag‘riga ilmga shijoatingiz yanada ziyoda, kuch-qudratga to‘la ishtiyoq ila kelishingizga ishonamiz.
So‘zim yakunida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tmoqchiman: “Tarix sinovlaridan o‘tgan haqiqat shuki, o‘zini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir. Bunday xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham o‘zgartira oladi, ko‘zlagan murod-maqsadlariga albatta erishadi”.
Ona Vatanimizning bugungi qiyofasi, mamlakatimizning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va mavqeyi, muhim xalqaro ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, Davlatimiz rahbarining katta minbarlarda turib, dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surayotgan ko‘plab tashabbuslarining mazmun-mohiyati ushbu so‘zlarning nechog‘liq haqiqat ekanini ko‘rsatib turibdi.
Sizlarni yana bir bor yangi 2025-yil bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, tinchlik-xotirjamlik tilayman!
Go‘zal va betakror yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surib, bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!
Muzaffar KOMILOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Izoh qoldirish