Ajdodlar mеrosini asrab-avaylash har birimizning farzandlik burchimiz
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan diniy-maʼrifiy sohada olib borilgan ishlar hamda istiqlolning 30 yilligiga bagʻishlangan diniy-maʼrifiy nashrlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov soʻnggi yillarda markaz tomonidan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot va noshirlik ishlari, shuningdek, markazning faoliyati haqida soʻz yuritdi. Jumladan, Prezidentimizning 2021-yil 16-iyulda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan asosiy vazifalar haqida maʼlumot berdi.
Tadbir doirasida markaz nashr qilgan, uning kutubxonasida saqlanayotgan, Yevropada oʻrta asrlardan boshlab chop etilgan, mazmunan Sharq olami bilan bogʻlangan besh yuz saksonta asar roʻyxatini oʻz ichiga olgan “Sharq va Gʻarb” fihristi birinchi jildining taqdimoti ham oʻtkazildi.
Shuningdek, “Buxoro – Islom olami madaniyati poytaxti” kitob-albomi, shayx Abdulaziz Mansurning “Koran. Kratkiy kommentariy” – Qurʼoni karim oyatlari maʼnolarining rus tilidagi tarjimasi hamda oliy taʼlim muassasalari uchun oʻzbek va rus tillarida tayyorlangan “Dinshunoslik” va “Religiovedeniye” kitoblari ham taqdim etildi.
Aytish lozimki, markaz tomonidan shu paytgacha 12 nomdagi kitob va risola nashrga tayyorlanib, 5 ta kitob chop etildi, 7 tasi tarjima qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan Majduddin Muhammad Ustrushoniyning “Jomeʼ ahkom as-sigʻor” asari, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan nashrga tayyorlangan kitob va risolalar taqdimoti ham oʻtkazildi.
Tadbir davomida Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Rossiya Federatsiyasidan vatanimizga qaytarilgan XIII-XIX asrlarga oid qimmatbaho madaniy boyliklarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga rasman topshirdi.
– Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya hukumatlari rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi doirasida muqaddam mamlakatimizdan noqonuniy olib chiqib ketilgan va Rossiya Federal bojxona xizmati tomonidan ushlab qolingan 45 dona madaniy boylik qaytarildi, – dedi A.Abduhakimov. – Ulardan 29 dona qoʻlyozma kitob XIX asr oxiri – XX asr boshlarida fors va arab tillarida yozilgan. 16 dona turli sopol buyumning 7 donasi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida, 9 donasi XX asr oʻrtalarida yasalgan. Ushbu madaniy boyliklar 2016-yilda Oʻzbekiston Respublikasidan noqonuniy olib chiqib ketilgan. Oʻzbekistonga oid tarixiy, badiiy va muzey qiymatiga ega madaniy boyliklar xalqimizning noyob mulkidir.
Qaytarilgan madaniy boyliklarni Bojxona qoʻmitasi, Madaniy meros agentligi mutaxassislari ishtirokida Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirish ishlari tashkillashtirildi.
– Xalqimiz madaniy merosining asrab-avaylanishi, yanada boyib borishiga oz boʻlsa-da, hissa qoʻshayotganimizdan gʻoyat mamnunmiz. Bundan keyin ham bu borada tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, – dedi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oʻtkir Qodirov.
Soʻnggi besh yil mobaynida xalqimizga tegishli 450 ga yaqin qoʻlyozma asar, noyob tanga va osori-atiqalar saqlab qolingani bojxona organlarining madaniy merosimizni asrab-avaylashga munosib hissa qoʻshayotganidan dalolatdir.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021-yil 27-avgust, №173(429)
Izoh qoldirish