1

O‘zXIA va IIV Akademiyasi: hamkorlik sari yana bir qadam

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi Akademiya delegatsiyasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov hamda muassasa mas’ullari kutib oldi.

Tanishuv oldidan ta’lim muassasalari rahbarlari Muzaffar Komilov va Rustam Xatamov o‘zaro muloqot qilib, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birlarini qutladilar.

Uchrashuvda mintaqamiz va jahonda geosiyosiy jarayonlar tobora keskinlashayotgani, yoshlarni buzg‘unchi mafkuraviy ta’sirlardan asrash dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Bunday murakkab sharoitda diniy ekstremizm va radikalizm tahdidlaridan ogoh bo‘lish, yot g‘oyalar va ma’naviy xurujlarning oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida huquqiy-ma’rifiy targ‘ibotlar ta’sirchanligini oshirish, mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Muloqotdan so‘ng Akademiya vakillari o‘quv dargohi faoliyati bilan tanishib, kadrlar tayyorlash jarayonidagi innovatsion yondashuvlar, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga qaratilgan mexanizmlar, ta’limni raqamlashtirish borasidagi yutuqlarni ijobiy baholadilar.

Shundan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Izoh qoldirish