Akademiya Kengashi majlisi: yillik sarhisob, yutuq va kamchiliklar, istiqboldagi maqsad va vazifalar
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining kengaytirilgan tarkibdagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.
Majlisni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Akademiya Kengashi yig‘ilishida 2024-yilda bajarilgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar, muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Unda soha mutasaddilari o‘zlarining vazifalariga doir ishlar haqida ma’lumot berib, kelgusidagi vazifalarni belgilab olishdi.
Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘zining avvalida barchani kirib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi. Tinchlik-xotirjamlik, oilaviy totuvlik, kasbiy barkamollik, sihat-salomatlik tiladi.
Shu bilan birga, yangi yilda bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish, talabalarga o‘z sohasining yetuk, raqobatbardosh mutaxassis kadri bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish uchun ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Akademiya rektori o‘z nutqida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yutuq va kamchiliklarni muhokama etishda muhim ekanini ta’kidladi.
Dastlab 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati yurtimizda millatlararo doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori, akademik Nurislom To‘xliyev “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi Sherzodjon Umaraliyevga “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoni;
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsent vazifasini bajaruvchisi Uktam Palvanovga tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoni diplomlari tantanali tarzda topshirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi jamoatchilik Kengashining ta’lim jarayonini takomillashtirish faoliyati va jamoatchilik nazorati ijrosi bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari tahlili to‘g‘risida Jamoatchilik Kengashi kotibi Zebo Kasimova tomonidan axborot berildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring sektori bosh mutaxassisi Javlon Asqarovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Oliy Majlisi qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari va boshqa yuqori davlat organlari buyruqlarining Akademiyadagi ijrosi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganish monitoringi to‘g‘risidagi ma’lumoti tinglandi.
Majlisda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Akademiyada amalga oshirilgan vazifalar to‘g‘risida soha prorektorlarining hisoboti eshitildi.
Akademiya axborot-resurs markazining o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganligi holati, elektron katalogning shakllantirilganligi, shuningdek talabalar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida Axborot-resurs markazi direktori Mohinur Hasanova ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng Kengash majlisi turli masalalar muhokamasi bilan davom etdi. Xususan, Akademiya professor-o‘qituvchi va xodimlarining farzandlari uchun yangi 2025 yilni munosib kutib olish maqsadida bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil qilish to‘g‘risida Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov hamda Yoshlar ittifoqi Akademiya boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Abduvahob To‘xtanazarovning hisoboti tinglandi.
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 6-dekabrdagi 457-son buyrugʻi ijrosini taʼminlash, talabalarning qishki taʼtilini mazmunli tashkil etish hamda professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv seminarlarini oʻtkazish toʻgʻrisida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Salim Dusanov tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda uning huzuridagi tashkilot va muassasalarida 2024-2025-yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hamda yil yakunlari munosabati bilan Akademiyaning ma’muriy-boshqaruv, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarini qish oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun belgilangan miqdorda bir martalik moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. Yana bir bor barchaga kirib kelayotgan yangi yil barakotli kelishi tilandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish