Ilm-ma’rifatli, intellektual salohiyatli yoshlar – yurt tayanchi
O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. Shu bois, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kamolotiga alohida e’tibor qaratiladi. Yurtimizning kelajagi boʻlgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasi esa doimo eng ustuvor vazifa bo‘lib kelgan. Ayniqsa, butun respublika bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan “Yoshlar oyligi” tadbirlari yigit-qizlarni bir maqsad atrofida birlashtirdi.
Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari ham faol ishtirok etdi. Akademiyada joriy yilning noyabr oyidan boshlab “Oltin davrim” shiori ostida oʻtkazilgan talabalar oyligi doirasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi va armrestling turlari boʻyicha “Ittifoq kubogi” musobaqalari, “Oltin davrim” shiori ostida talabalar sayli, “Trenerlar maktabi loyihasi”, “Tafakkur egalari” kitobxonlik loyihasi, “Quest step by step” oʻyini, “Zakovat” intellektual oʻyinlari, “Yoshlar marafoni” musobaqasi, MUN (BMTning oʻzbek modeli) loyihasi, “Bilimdon dinshunos”, “Islom tarixi bilimdoni”, “Kibersport” kabi tanlov va musobaqalar tashkil etildi. Mazkur loyihalar doirasida jami 1320 nafardan ortiq talaba qamrab olindi.
Shu munosabat bilan bugun Akademiyada “Oltin davrim” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar oyligi yakunlariga bag‘ishlangan “Seni tomiringda jadidlar qoni!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
“Oltin davrim” deb nomlangan marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi raisi Shukrulloxon Anvarov, Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Bayram tadbirini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Akademiya rektori har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliq ekani, yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini alohida qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasini eng asosiy vazifa sifatida bilishlari, yoshlarni xalqimiz mentalitetiga yot, yosh avlod ongi va tafakkuri uchun zararli boʻlgan salbiy taʼsirlardan himoya qilish, millat va davlat taraqqiyotini dunyo hamjamiyatiga koʻrsatishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash eng muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Bayram davomida “Oltin davrim” shiori ostida o‘tkazilgan talabalar oyligi doirasidagi tanlov va musobaqalar g‘oliblari hamda yil davomida har tomonlama faol bo‘lgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Talabalar oyligi davomida sport musobaqalari boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 8 ta jamoa, koʻrik-tanlov va musobaqalarda gʻolib boʻlgan 15 nafar talaba, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda “Yoshlar teatr stidiyasi”da faol boʻlgan 41 nafar talaba, jami 84 nafar talaba diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mazkur 84 nafar talabaga tegishli tartibda bazaviy stipendiyaning bir baravari miqdorida ragʻbatlantirish mablagʻlari toʻlab berilishi rejalashtirildi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng talabalar ijrosida “Kelinlar qo‘zg‘aloni” filmining teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi, milliy kuylarga bastalangan popurri qo‘shiqlar havola etildi.
Musiqiy va she’riy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish