5

Akademiyada xalqaro arab tiliga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

Xabaringiz bor, har yili 18-dekabr sanasi butun dunyoda “Xalqaro arab tili kuni” sifatida keng miqyosda nishonlanadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1973-yil dekabr oyida arab tili tashkilot rasmiy tillari qatoriga qoʻshilgan. Shu bilan birga, UNESCO tashkilotining 2012-yil oktabr oyida boʻlib oʻtgan 190-sonli sessiyasida Saudiya Arabistoni taklifiga binoan 18-dekabr – “Xalqaro arab tili kuni” sifatida eʼlon qilindi. Shu yilning 18-dekabrida mazkur tashkilot birinchi marotaba ushbu sanani bayram sifatida nishonlagan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham har yili mazkur sana munosabati bilan an’anaviy tarzda anjuman hamda turli tadbirlar tashkil etiladi.

Bugun Akademiyada “Chet (arab) tili zamonaviy ta’limida vosita til muammosi va innovatsion yondashuv” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash kerak, mazkur anjuman “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasining tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda chet tillarini o‘rgatish tizimini yanada rivojlantirish, yosh avlodni zamonaviy bilimlarga ega yetuk inson qilib tarbiyalash maqsadida tashkil etiladi.

“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Konferensiyada “Chet (arab) tilini oʻqitishda zamonaviy uslublarni shakllantirishning nazariy muammolari”, “Chet (arab) tilini oʻqitishda jahon tajribasi: muammo, yutuq, kamchiliklar”, “Chet (arab) tili zamonaviy taʼlimida vosita til muammosi masalalarining tahlili” hamda “Masofaviy taʼlim tizimini rivojlantirish” kabi mavzularda muhokamalar olib borildi.

Anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akaemiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Onlayn va oflayn tarzda o‘tgan ilm mashvaratida Ubayd Muhammad AbdulHalim, Muhammad Ali Abdulvalid Avvad o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. 

So‘zga chiqqanlar yurtimizda ta’lim sohasiga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadi. Jumladan, barcha sohalar qatori arab tiliga e'tibor ham ortib borayotganini alohida qayd etishdi. Shuningdek, til, xususan, arab tilining dunyo ahamiyatidagi tutgan o‘rniga e’tibor qaratdi. 

Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi hamda konferensiya ishchi guruhiga yuborilgan tezislarning elektron to‘plami tayyorlanishi ta’kidlandi.

Izoh qoldirish