8

Akademiya talabalari nomdor davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi

Keyingi yillarda yurtimizda iqtidorli yigit-qizlarni aniqlash va ragʻbatlantirishga, yosh avlodning zamonaviy dunyoqarashini, ijodiy va shaxsiy xususiyatlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ertamiz egalari oʻz isteʼdod va salohiyatini toʻla namoyon etib, yuksak natijalarga erishmoqda.

Qayd etish kerak, 2024/2025-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichining bir guruh talabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib ko‘rildi. Ahamiyatlisi, mana shu iqtidorli yoshlar safida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining to‘rt nafar isteʼdodli talabasi ham bor.

Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi Muslima Rahmonova;

Islomshunoslik fakulteti “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ma’mura Omonova;

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi)” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Husniyabonu Hazratqulova 2024/2025-oʻquv yili uchun Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi. 

Shu bilan birga, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Muslima Abdumalikova 2024/2025-oʻquv yili uchun Islom Karimov nomli davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

Talabalarning bu yutuqlari zamirida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi taʼlim sifati doimo muhim ahamiyatga ega ekani yotibdi. 

Davlatimiz yoshlarga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, strategik resurs sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti. Chunki yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʻlom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga eʼtibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori boʻladi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi nomidan iste’dodli va iqtidorli talabalarni mazkur yutuqlari bilan muborakbod etamiz. Ularning o‘qish va ishlariga muvaffaqiyat, tansihatlik tilaymiz. 

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish