9

Akademiyada ilmiy himoyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tadqiqotchi Temur Maratovning “Shaxsda diniy identifikatsiya shakllanishining ijtimoiy­-psixologik xususiyatlari” mavzusidagi 19.00.07 – Din psixologiyasi ixtisosligidan psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi o‘tkazildi.

Unda Akademiya huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda majlis a’zolari, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida kengash kotibi tadqiqotchi hamda uning ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng Temur Maratov so‘zga chiqib, tadqiqotning maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Dissertatsiya “Diniy identifikatsiya muammosini o‘rganishning nazariy-metodologik tahlili”, “Shaxsda diniy identifikatsiya shakllanishining ilmiy­-psixologik asoslari”, “Diniy identifikatsiya shakllanishida ijtimoiy-psixologik xususiyatlarning ta’sirini tadqiq etishga doir tajriba-sinov ishlari” kabi boblardan iborat. 

Shundan so‘ng tadqiqotchi Dildoraxon Ulmasovaning “Emotsional intellektni rivojlantirishda diniy ta’limning roli” mavzusidagi 19.00.07 – Din psixologiyasi ixtisosligidan psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Akademiya huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda majlis a’zolari, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida kengash kotibi tadqiqotchi hamda uning ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng Dildoraxon Ulmasova so‘zga chiqib, tadqiqotning maqsad va vazifalari haqida to‘xtaldi.

Ilmiy ishning birinchi bobi “Emotsional intellekt muammosining ilmiymetodik asoslari” deb nomlanib, unda emotsional intellekt fenomenining ilmiymetodologik va amaliy asoslarini o‘rganishga oid yondashuvlar bayon etilgan.

“Diniy ta’limning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” deb nomlanuvchi dissertatsiyaning ikkinchi bobida diniy ta’limning ijtimoiy-psixologik mohiyati, uning shaxs kamolotiga ta’sirini tadqiq qilishga oid faylasuf, psixolog, dinshunos olimlarning ilmiy izlanishlari tahlili, tadqiqotda foydalanilgan metodikalar va ularning tavsifi hamda tadqiqotdan olingan natijalarning dastlabki tahlili amaliy jihatdan ko‘rsatib o‘tilgan.

Dissertatsiyaning uchinchi bobi “Emotsional intellektni rivojlantirishda diniy ta’lim imkoniyatlarining psixologik jihatlari” deb nomlanadi. Ushbu bobning “Diniy ta’limning emotsional intellektni rivojlantirish samaradorligidagi ahamiyati” nomli birinchi paragrafida emotsional intellektni rivojlantirishda diniy ta’limning o‘rni tahlil etiladi.

Himoyalar yakunida Kengash a’zolari tomonidan tadqiqotchilar – Temur Maratov hamda Dildoraxon Ulmasova psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston xalqafo islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan yosh olim va olimlarimizni samimiy muborakbod etib, ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatlariga ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish