9

Akademiyada “Bilimdon dinshunos” intellektual tanlovi o‘tkazildi

Bugungi globallashuv jarayonida diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik masalasi mamlakatlarning tinchligi va taraqqiyoti uchun eng muhim tamoyillardan biri hisoblanadi. Yurtimiz hududida qadim zamonlardan beri turli madaniyat, til, urf-odatlar, o‘z turmush tarziga ega bo‘lgan turli dinlarga e'tiqod qiluvchi va bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan turli xalqlar, millatlar tinchlik va hamjihatlik asosida yashab kelmoqda.

Talaba-yoshlar o‘rtasida diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish, o‘zga e’tiqod va millat vakillariga nisbatan tolerant munosabatda bo‘lishni targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bilimdon dinshunos” intellektual tanlovi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Akademiya prorektori Ilyos Mirziyotov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tanlovda Akademiyaning turli ta’lim yo‘nalishlaridan jami 19 ta jamoa qatnashdi.

Mazkur tanlov talaba-yoshlarda ilmiy-tahliliy yondashuv, tadqiq etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, din haqida xolis, to‘g‘ri dunyoqarashga ega bo‘lish, turli dinlarning kelib chiqishi, mazmun-mohiyati, ta’limoti va tarixi haqida tushunchalar berish maqsadida tashkil etildi.

Akademiya prorektori Ilyos Mirziyotov tanlovni ochib berarkan, bu kabi intellektual tanlovlar yoshlarning bugungi globallashuv davrida mutaxassisliklarini o‘rganishlari uchun muhim maydon bo‘lishini qayd etdi.

Musobaqa 1-shart (saralash testi), 2-shart (blits savol-javob), 3-shart dunyo dinlariga oid tarixiy voqealar sharhi hamda 4-shart (ijodiy ish) kabi shartlar asosida o‘tkazildi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Dinshunoslik yo‘nalishi 4-kurs talabalaridan iborat “Peshqadamlar” jamoasi 1-o‘rinni, “Sharq dinshunoslari” jamoasi 2-o‘rinni, “Shahristoniy izdoshlari” jamoasi 3-o‘rinni egallashdi. 

Yakunda g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.

Izoh qoldirish