10

Maʼrifat va bagʻrikenglik – yangi Oʻzbekistonning tashrif qogʻozi

12-dekabr – BMTning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingan kun

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 20-sentabrda Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tarixiy ahamiyat kasb qilgan ma’ruzasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga xalqaro hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha takliflarini ilgari surgan edilar. Ularning barchasi jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanib, qisqa muddatda o‘zining amaliy ifodasini topganini ta’kidlash o‘rinli. 

Jumladan, 2018-yil 18-iyunda Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasi qabul qilindi.

2018-yil 27-noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbarligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tashkil etildi.

2018-yil 12-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig‘ilishida A/Res/73/128-raqamli “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi 193 ta a’zo mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi. A’zo mamlakatlarning 50 dan ortig‘i bu rezolyutsiyani nafaqat qo‘llab-quvvatlashlarini, balki unga hammuallif bo‘lishlarini ta’kidladilar. 

Yangi O‘zbekistonda vijdon va e’tiqod erkinligi 2023-yil 30-aprelda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya moddalari bilan kafolatlandi. Barcha din va e’tiqod vakillariga teng sharoit ta’minlandi. O‘zbekiston Respublikasi Konsitutitsiyasining 19-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart” deya belgilab qo‘yilgan. 

Konstitutsiyaning 35-moddasiga ko‘ra “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.

2021-yil 5-iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri diniy sohadagi munosabatlarni tartibga solishda va jamiyatda diniy bag‘rikenglik munosabatlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. 

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyatsiyasi muqaddima va yetti banddan iboratdir. Muqaddimada rezolyutsiyaning maqsad va vazifalari 16 ta xatboshida qayd etilgan. Ulardan beshtasida (1-, 2-, 3-, 7- va 8-xatboshilar) rezolyutsiyaning huquqiy asoslari zikr etiladi.

Rezolyutsiyasining muqaddimasida Birlashgan Millatlar tashkiloti tomonidan diniy bag‘rikenglikni, konfessiyalararo muloqotni, tinchlik madaniyatini saqlash borasida qabul qilingan barcha me’yoriy hujjatlar ustuvorligi e’tirof etilgan. Har bir inson fikr, vijdon va e’tiqod erkinligiga ega ekani ta’kidlangan. Davlatlarning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi mas’uliyati eslatib o‘tilgan. Turli din vakillarining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi tan olingan. Dunyoning turfaligi, barcha madaniyat va tamaddunlar insoniyatni boyitishga xizmat qilishini anglash zarurati qayd etilgan. BMT tomonidan qabul qilingan “2030-yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibi”ni qo‘llab-quvvatlash muhimligi e’tirof etilgan. Ma’rifat, tinchlik, inson huquqlari, bag‘rikenglik va do‘stlikni ta’minlashning ahamiyati ta’kidlangan. 

Rezolyutsiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha muassasasi ­– UNESCOning tinchlik va bag‘rikenglikni ta’minlashdagi hal qiluvchi o‘rni e’tirof etilgan. Integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlari, bag‘rikenglik, tolerantlik va o‘zaro bir-birini anglashning dunyodagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati qayd etilgan. Bugungi kunda ayrim joylarda din va e’tiqod borasida diskriminatsiya, tahqirlash va zo‘ravonlik davom etayotganidan, terroristik guruhlar kishilarni dini va e’tiqodi sababli  terror qilayotganidan jiddiy xavotir va tashvish izhor qilingan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va munosib hujjatlariga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar yo‘l qo‘ymaslik uchun tamaddunlar, madaniyatlar, dinlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va anglashni rag‘batlantirishning, ma’rifatning, jumladan, diniy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashning ahamiyatini  hisobga olish zarurligi ta’kidlangan.

Bu borada dinlar, madaniyatlar va konfessiyalararo uyg‘unlikni ta’minlash va dini-e’tiqodi sababli tahqirlanishga qarshi qaratilgan xalqaro, mintaqaviy va milliy miqyosdagi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangan. Diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash butun jahon bo‘ylab tinchlik, ijtimoiy adolat, do‘stlik, inson huquqlarini himoya qilish hamda jaholat va zo‘ravonlik amaliyotini bartaraf qilishni ta’minlashi e’tirof etilgan. Mintaqaviy tashkilotlar, huquqni himoya qiluvchi milliy muassasalar, nodavlat tashkilotlar, diniy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari hamda  fuqarolik jamiyati institutlarining diniy va madaniy turfalikni, din va e’tiqod erkinligini butun jahon bo‘ylab qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish borasidagi mas’uliyatlari alohida ta’kidlangan. 

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining moddalarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning muassasalarining turli shakllardagi muloqot va hamkorlikni ta’minlash hamda qo‘llab quvvatlashdagi beqiyos o‘rni qayd etilgan. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sivilizatsiyalar Alyansining yanada tinch va yanada barqaror dunyoni qurishdagi o‘rni ham tan olingan. Ta’kid joiz, Sivilizatsiyalar Alyansi millatlar, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali ekstremizmga qarshi kurash, g‘arb va musulmon dunyosi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2005-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 59-sessiyasi qarori bilan tashkil qilingan. 

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi BMTga a’zo davlatlarni “Din va e’tiqod borasidagi toqatsizlik va diskriminatsiyaning har qanday shakllarini bartaraf qilish bo‘yicha Deklaratsiya”ning tamoyillari va maqsadlarini tatbiq qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga chaqirgan. 

Rezolyutsiyada xalqaro huquq, inson huquqlari va xalqaro insonparvar huquqni buzib, milliy, irqiy va diniy adovatni qo‘zg‘agan holda qasddan diniy obida va ashyolarni buzish orqali diniy joylarga, obyektlar va ziyoratgohlarga nisbatan uyushtiriladigan har qanday fitnalarga nisbatan jiddiy tashvish va xavotir izhor qilingan. 

A’zo davlatlarga milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan internetda bag‘rikenglikni, zo‘ravonlikdan voz kechishni, din va e’tiqod erkinligini targ‘ib qiluvchi ma’rifiy xabarlarni tarqatishni ko‘zlagan keng axborot-targ‘ibot ishlarini olib borish orqali  munosib kommunikatsion strategiyani amalga oshirishni taklif qilgan.

Din va e’tiqod xilma-xilligini hurmat qilgan va inson huquqlariga rioya qilgan holda tinchlik va bag‘rikenglik madaniyati mustahkamlashga qaratilgan global muloqotni har qanday darajada va miqyosda yo‘lga qo‘yish uchun xalqaro faoliyatni faollashtirishga chaqirgan. 

Rezolyutsiyaning 1-moddasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi tegishli muassasalarning o‘zaro muloqotni barcha shakllarida, shu jumladan dinlar yoki e’tiqod tarafdorlari, dindoshlar va fikrdoshlar  o‘rtasidagi bag‘rikenglikni, hurmat va tushunishni yanada kengroq rivojlantirishdagi, xususan, ayollarning ishtirokidagi muloqotni kengroq rivojlantirishga qo‘shgan bebaho hissasini olqishlangan.

2-moddada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sivilizatsiyalar Alyansining tsivilizatsiyalar, madaniyatlar, dinlar va e’tiqodlar o‘rtasidagi chuqur tushunish va hurmatni rag‘batlantirish orqali yanada tinch, ijtimoiy jihatdan keng qamrovli dunyoni barpo etishda muhim roli qo‘llab-quvvatlangan. 

3-modda a’zo davlatlarni dinga yoki e’tiqodga asoslangan murosasizlik va diskriminatsiyaning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning prinsiplari va maqsadlarini amalga oshirishda yagona pozitsiyani saqlashga da’vat etgan. 

Rezolyutsiyaning 4-moddasi alohida e’tiborga ega bo‘lib, ko‘plab milliy va xorij ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlarida aynan mazkur moddaga alohida e’tibor qaratdilar. Unda rezolyutsiya a’zo davlatlarni fikr, vijdon, din va e’tiqod erkinliklarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi o‘z harakatlarini faollashtirishga va bu maqsadda quyidagi ishlarni amalga oshirishga tavsiya qilgan: 

a) a’zo davlatlar maorif va boshqa vositalardan foydalangan holda turli davlatlar yurisdiksiyalarida joylashgan diniy ozchilikning madaniyati, tili va an’analar haqida keng ma’lumot berishlari bilan dinlar va aqidalar turfaligini jamiyatda keng targ‘ib qilishlari zarur. Bu orqali din va e’tiqod erkinligiga tegishli bo‘lgan masalalarda o‘zaro tushunishni, bag‘rikenglikni, tahqirlamaslikni va hurmatni ta’minlashda hamkorlik qilishlari;

b) milliy va xalqaro darajada tashkil qilinadigan madaniyatlararo hamkorlikni va osuda hayot bunyodkorligini qo‘llab-quvvatlashlari;

s) ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashlari.

5-moddada xalqaro huquq, xususan, inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquq normalariga zid ravishda diniy joylar, ob’ektlar va ziyoratgohlarga qilingan har qanday tajovuzlar, shu jumladan, yodgorliklar va yodgorliklarni qasddan yo‘q qilish, shu jumladan bunday harakatlar milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘ash bilan bog‘liq jiddiy tashvish bildirilgan. 

6-modda a’zo davlatlarni tegishli aloqa strategiyalarini, jumladan, milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Internetdan foydalangan holda keng ko‘lamli xabardorlik kampaniyalarini amalga oshirishga, bag‘rikenglik, zo‘ravonlik va diniy e’tiqod erkinligi to‘g‘risida ma’rifiy ma’lumotlarni tarqatishga taklif qilgan. 

Rezolyutsiyaning 7-moddasi inson huquqlarini hurmat qilish va dinlar va e’tiqodlarning xilma-xilligini hurmat qilishga asoslangan barcha darajalarda bag‘rikenglik va tinchlik madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha global muloqotni kuchaytirishga chaqirgan. 

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Bugun millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash borasida O‘zbekiston namunasi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. 

Mazkur rezolyutsiya mamlakatimizning diniy bag‘rikenglik va konfesssiyalararo totuvlikni ta’minlashdagi o‘ziga xos tajribasini namoyon etgani bilan bir qatorda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni ham muayyan darajada belgilab berdi. 

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan olqishlar bilan qabul qilindi. Xorij ommaviy axborot vositalaridan biri qayd etganidek: “Biz shu paytgacha dunyoni go‘zallik qutqaradi, deb keldik. Mazkur rezolyutsiyadan so‘ng bu ibora o‘zgardi: “Dunyoni ma’rifat qutqaradi”. 

Saidafzal Saidjalolov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish