10

Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol boʻlur”

Ma’lumki, azal-azaldan ma’rifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob o‘qishga, undan ilm-u odob sirlarini o‘rganishga chorlab kelganlar. Kitob – qalb chirogʻi, tafakkur qanoti. Dunyoni faqat ilm bilan zabt etish mumkinligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Ilmni chuqur egallashning yoʻli esa kitob oʻqishdir. Zero, inson bilimni kitob orqali oladi, uning tarbiyasi ham mutolaa yordamida shakllanadi. Yoshlarimiz badiiy adabiyotlarni oʻqiganda, ularning dunyoqarashi kengayadi, hayotga munosabati oʻzgaradi. 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Jadid” gazetasining 2024-yil 6-dekabrdagi sonida muallif Ikrom Bo‘riboyevning “Hamma o‘qiyapti. O‘qing!” nomli tahliliy maqola mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, “Jadid” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, “Jadid” gazetasi bo‘lim muharriri Gulchehra Umarova, shoir Shahriyor Shavkat, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlik muhitini shakllantirish, kitob madaniyatini oshirish hamda yurtimizda kitobxonlar safini kengaytirish borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Globallashuv davrida har qanday tashqi salbiy kuchlarga qarshi ilm-ma’rifat, bilim kurashish mumkinligini ta’kidladi.

Bu borada XIX asr 80-yillari o‘rtalaridan Turkiston o‘lkasida ham tarqalib, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy mazmundagi harakatga aylangan jadid ma’rifatparvarlarining millat taraqqiyoti yo‘lidagi ishlari xotirlandi. Jadidlarning milliy o‘zlik, milliy ruh va birdamlikni o‘lka aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazishdagi sharafli mehnatlari bugun e’tirof etilayotgani, shu maqsadda o‘tgan yili Prezidentimiz tomonidan “Jadid” gazetasi tashkil etilganini qayd qilindi. Gazeta nishona sonidan boshlab, ma’rifatparvar allomalarimiz orzu qilgan bugungi kunlarimizga hamohang tarzda yoshlarimizni ilm-ma’rifatli qilish borasida yangi minbar bo‘layotgani e’tirof etildi.

O‘z navbatida “Jadid” gazetasi bosh muharriri Iqboljon Mirzaaliyev gazetaning mazmun-mohiyati, nashr sahifalarida yoritilayotgan ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy-ijtimoiy mavzulardagi maqolalar haqida ma’lumot berdi. Davlatimiz rahbari boshchiliklarida yurtimizda yoshlarga bilim olishiga bo‘lgan e’tibor va yaratilib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Chindan ham keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hayotimizning barcha sohalarida samara bermoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish belgilangan edi. Shu negizda ayni yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joylarda besh tashabbus loyihasi doirasidagi “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Mushoira”, “Ibrat” chet tillari tanlovi”, “Mental” va “Zakovat”, “Maʼrifat ulashib”, “Kitob karvoni” kabi kitobxonlik loyihalari amalga oshirilmoqda.

Davra suhbatida Akademiya professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan “Hamma o‘qiyapti. O‘qing!” nomli tahliliy maqolasiga oid tahliliy munosabatlar berildi.

Maqolada kitobxonlik, uning insoniyat tamaddunida tutgan o‘rni, bugungi kunda yurtimizdagi kitobxonlik madaniyati, muammo va yutuqlar, odamlarning kitob o‘qimay qo‘ygani sabablari, mutolaaning shaxs kamolotidagi ahamiyati atroflicha tahlil qilingan. Amaliy misollar, aniq fakt va raqamlar bilan batafsil ochib berilgan.

Samimiy tadbir yakunida “Jadid” gazetasida yoritilgan maqolalarning Akademiyadagi targ‘iboti, maqolalar tayyorlashda o‘zaro hamkorlik aloqalari muhokama etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish