Hamma oʻqiyapti. Oʻqing!
Dolzarb mavzu
Ha, savolni aynan shunday bermoqchiman: siz qaysi kitobni oʻqiyapsiz? “Siz kitob oʻqiysizmi oʻzi yoki hozir oʻqiyapsizmi?”, deb soʻramoqchi emasman. Men oʻqiyapman va ishonaman, umid qilamanki, siz ham oʻqiyapsiz, boshqalar ham oʻqiyapti.
Donolar aytadiki, zamona aynidi, deya nolib yuruvchilar zamona aynishida ayblidirlar. Eng noinsof kimsalar “Odamlar noinsof boʻlib ketdi” deb yanuvchilar orasida uchraydi. Oʻgʻri “hamma oʻgʻri” deb oʻylaydi. Kitob oʻqimay qoʻygan odamlar “hech kim oʻqimay qoʻydi” degan fikrda boʻlsalar, ehtimol.
Ushbu tahliliy maqolani tayyorlashga keyingi vaqtlarda turli ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda “odamlar kitob oʻqimay qoʻydi”, degan noxush fikrning keng tarqalayotgani sabab boʻldi. Albatta, bunga siz ham guvohsiz. Kunda-kunora chiqib turadigan bunday nolishlarni kuzatib: “Nahotki, azal-azaldan yuzlab yetuk allomalarni yetishtirib, bashariyat taraqqiyotiga unutilmas hissa qoʻshgan oʻzbek xalqi bugun mana shunday buyuk vorisiylikdan mosuvo qolgan – insonni komillik sari eltuvchi eng muhim vosita boʻlmish mutolaadan voz kechib, kitob oʻqimay qoʻygan boʻlsa?” degan achchiq savol tugʻiladi.
Axir bizning ota-bobolarimiz, atoqli maʼrifatparvar Abdurauf Fitrat faxrlanib yozganidek, “har bobda, ayniqsa, ilm va maʼrifatda olam ahli uchun ibrat va namuna boʻlganlar – ularning ilm-u maʼrifatlari “qiylu qol”ning takrori va hoshiyaxonligi boʻlmay, balki ular har bir ilmning asosiy mohiyatini yaxshi bilib, undan malaka va mahoratga ega boʻlib, moʻtabar kitoblarning taʼlif va tasnifiga qodir boʻlganlar” emasmi?!
“Oʻzingiz toʻgʻringizda yomon gapirmang, boshqalar soʻzingizga ishonishlari mumkin”, deydi fransuz adibi Andre Morua.
Bugun Oʻzbekistonga maʼrifat istab kelayotgan, xalqimizning milliy anʼanalariga, uning shonli tarixiga qiziqib, shu yerda tahsil olayotgan yoki ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan, ona tilimizning goʻzal jozibasiga havas qilib, uni oʻrganayotgan qanchadan-qancha xorijiy doʻstlarimiz bor. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan diplomatlar, tadbirkorlar va boshqa sohalar vakillari bor.
Ana endi tasavvur qiling: kundalik axborot vositalarida bodrab chiqib turgan yuqoridagi kabi fikrlarni oʻqib, ularning biz haqimizdagi tasavvurlari oʻzgarmaydimi? Hadeb odamlar kitob oʻqimay qoʻydi, deb yozgʻiraversak, chetdan kuzatgan odam bular gʻirt savodsiz, omi xalq ekan, deb oʻylamaydimi? Taraqqiyotdan, madaniyatdan yuz oʻgirgan bu qanday jamiyat boʻldi, deya hayratga tushmaydilarmi?
Ikrom Boʻriboyev
Manba: “Jadid” gazetasi 2024-yil 6-dekabr 50-son
Izoh qoldirish