16

8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining TABRIGI

Assalomu alaykum qadrli ustozlar, aziz talaba-yoshlar!

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mustaqil davlatimizning huquqiy asosi, jamiyat barqarorligining kafolati hisoblanadi. Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 32 yilligini butun xalqimiz “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” shiori ostida keng nishonlamoqda. 

Prezidentimizning 2024-yil 17-oktabrda qabul qilgan qarorlariga muvofiq, respublikaning barcha taʼlim muassasalarida, shu jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham Bosh Qomusimizga bagʻishlangan tadbirlar koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilmoqda.

Ayniqsa, 2023-yil 30-aprel kuni yurtimiz tarixida unutilmas voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda umumxalq referendumi asosida qabul qilindi. Unda xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. 

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “...yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz”.

Hurmatli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!

Prezidentimiz qayd etganlaridek, Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini taʼminlashda doimo ishonchli kafolat boʻlib kelgan va bundan buyon ham shunday boʻlib qoladi. Joriy yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya, uning doirasida esa “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman, 11-16-noyabr kunlari diyorimizning turli goʻshalarida – davlat va nodavlat tashkilotlarida, taʼlim muassasaslarida oʻtkazilgan “Bagʻrikenglik haftaligi” Bosh qomusimiz meʼyorlarining amaliy ifodasi boʻldi. Oʻzbekiston oʻzini suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida yana bir bor namoyon etdi. 

Chindan ham, Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-huquqiy, madaniy-maʼrifiy sohalardagi islohotlari bilan dunyo hamjamiyatining hurmat-eʼtirofini qozonmoqda. Bunga, albatta, mamlakatimiz iqtisodiy ravnaqi, xalqimiz turmush tarzidagi farovonlik, yosh avlod kamoloti yoʻlidagi tub islohotlar samarasi asos boʻlmoqda.

Aziz talaba-yoshlar!

Maʼlumki, Konstitutsiyamizda yoshlar huquq va erkinliklarini taʼminlashga yuksak eʼtibor qaratilgan. Joriy yilning “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb nom berilganida ham mazkur gʻoya mujassam edi. Ilm-fan, taʼlim va tarbiya – mamlakat taraqqiyotiga asos, yorugʻ istiqbolga poydevor hisoblanadi. Shu bois, har bir talaba-yoshning zamonaviy bilimlar qatorida ulugʻ mutafakkir ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganishi, islom dini maʼrifatini teran anglab yetishi va misqollab topilgan bilimni jamiyatimizning barcha qatlamlariga yetkazishi bugun har qachongidan ham dolzarb. Zero, Prezidentimizning “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” deya taʼkidlaganlarida tarixiy haqiqat oʻz aksini topgan.

Akademiya jamoasi, faoliyat olib borayotgan tajribali ustozlar, malakali mutaxassislar ham talabalarning zamonaviy andozalar asosida chuqur bilim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish borasida tinimsiz mehnat qilmoqdalar. Zotan, yoshlarni bugungi globallashuv jarayoni talablariga javob bera oladigan, din va dunyoviy ilmlarni puxta egallagan mutaxassis-kadrlar sifatida jamiyatda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishini taʼminlash Akademiyaning pirovard maqsadidir. 

Azizlar! 

Bosh Qomusimiz tom maʼnoda erkin va farovon hayot garovi, Yangi Oʻzbekistonning huquqiy asosi, Uchinchi Renessans poydevorining mustahkam zaminidir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi bilan Akademiya professor-oʻqituvchilari, magistr va talabalari hamda ishchi-xodimlarini chin qalbimdan muborakbod etib, ilm-maʼrifat ziyosini olamga yoyish orqali inson va jamiyatga saodat ulashishdek ulugʻ maqsad yoʻlida barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va saodat tilayman!

 

Muzaffar KOMILOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish