15

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar va yurtimizning siyosiy-huquqiy maqomi

Konstitutsiyaviy islohotlarning amalga oshirilishi hayotiy talabdan kelib chiqqan bo‘lib, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning g‘oyaviy rahbarligi ostida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tashabbuskori tom ma’noda mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani mustahkamlanib, O‘zbekiston davlatining siyosiy-huquqiy maqomiga yangi uchta, ya’ni “huquqiy davlat”, “ijtimoiy davlat” va “dunyoviy davlat” tushunchalari qo‘shimcha qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 7-dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan tabrigida “Hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi” deya ta’kidlagan edi. 

2021-yildagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov jarayonlarida mamlakat aholisining turli qatlamlari vakillari tomonidan quyidagi tashabbuslar ko‘tarilgan edi: 

– inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari;

– mamlakatda millatlar va elatlararo totuvlikni kuchaytirish;

– xususiy mulk muhofazasiga doir konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash;

– yer va yer osti boyliklariga bo‘lgan huquq;

– milliy demokratik institut – mahallaning o‘rni va maqomini oshirish;

– kelajak avlodlargacha an’anaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish;

oila institutining ahamiyati;

– yoshlar va gender siyosati;

– innovatsion iqtisodiyot va “bilimlar iqtisodiyoti”ni rivojlantirish;

– iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga investitsiyalar hajmini kengaytirishga taalluqli konstitutsiyaviy normalar kiritish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Bundan tashqari, mamlakatimizning konstitutsiyaviy tengligini belgilash, milliy an’ana va qadriyatlarni mustahkamlash va muhofaza qilish yuzasidan, sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, qonunlar va sud qarorlari odilligi, Konstitutsiya va qonunlar, inson huquqlari ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi kurashishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan, aholining himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa, nogironligi bor shaxslarning konstitutsiyaviy va ijtimoiy himoyasini kengaytirish, ijtimoiy yo‘nalishga ega davlat qurish borasida, mamlakatda yashil iqtisodiyotga o‘tish, ekologik noqulay hududlarda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ta’kidlash joizki, bularning barchasi aholining turli qatlamlari tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, taklif va xohish-istaklari bo‘lgan.

“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil demokratik islohotlar natijasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning mustahkam siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy-madaniy asoslari yaratilishi natijasida  “Inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” kabi fundamental demokratik tushunchalar va qadriyatlar real voqelikka aylandi. 

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida ham Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish vazifasini amalga oshirish yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

2022-yil 20-may kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida qabul qilingan qaroriga ko‘ra, jami 47 nafar a’zodan iborat, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.X.Saidov raisligida Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etildi. Shuningdek qarorda Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari belgilab berildi. 

Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari:

– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda jamoatchilikning takliflarini yig‘ish;

– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni umumlashtirish;

– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha yakuniy takliflarni shakllantirib, tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish.

– Konstitutsiyaviy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Konstitutsiyaviy komissiyaning vakolatlari:

– Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini ta’minlash uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan qonun loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallarni, statistika ma’lumotlarini hamda o‘zga ma’lumotlarni olish;

– ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning qonun loyihasi yuzasidan maslahatlari va tavsiyalarini, shuningdek ekspertlarning xulosalarini olish;

– vazirliklarning, davlat qo‘mitalarining yoki idoralarning, boshqa manfaatdor davlat organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini ekspert sifatida Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga jalb etish;

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan jamoatchilikning va ekspertlarning takliflarini olish, umumlashtirish, jamoatchilik muhokamasiga chiqarish;

– jamoatchilikdan kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;

– amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis palatalariga axborot kiritib borish;

– Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarini xabardor qilib borish.

– Konstitutsiyaviy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida qabul qilingan qarorda Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi va Konstitutsiyaviy komissiyaning yig‘ilishlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy Majlis palatalari devonlarining xodimlari, shuningdek ko‘rib chiqilayotgan masalaga aloqador bo‘lgan davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, olimlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari taklif etilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. 

Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidovning e’tirof etishicha, Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berdi.

Birinchi bosqichda Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha Parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi.

Ikkinchi bosqichda Parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgani munosabati bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining ikki bosqichi yakuniga yetdi.

Uchinchi bosqichda Konstitutsiyaviy komissiya umumxalq muhokamasida tushgan taklif asosida mukammallashtirilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini maromiga yetkazish va referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdi.

Shuni ham  ta’kidlash joizki, konstitutsiyaviy islohot jarayonida asosan 3 ta manbaga tayanib ish olib borildi.

Birinchi manba – Konstitutsiya yaratish va isloh etish hamda unga amal qilish borasidagi 30 yillik milliy-huquqiy amaliyot.

Ikkinchi manba – xorijiy konstitutsiyaviy islohot tajribasi. Bu o‘rinda 193 ta davlat Konstitutsiyalarini ishlab chiqish, qabul qilish va isloh etish bo‘yicha xorijiy konstitutsiyaviy amaliyot nazarda tutilmoqda.

Uchinchi manba – xalqaro tajriba. Ya’ni BMT, YeXHT, Venesiya komissiyasining konstitutsiyaviy-huquqiy ijodkorlik sohasidagi amaliyoti. Xususan, bu borada BMTning 40 dan ortiq xalqaro shartnomasi o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab bermoqda. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

Xulosa qilib aytganda, bugun Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi tahrirdagi Asosiy qonunning qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratildi. Binobarin, Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.

Shoira Avazova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish