17

Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga bu yil 32 yil toʻladi. Bu muddat yillar, asrlar suronida juda qisqa fursat, albatta. Biroq uning mamlakat rivoji, xalqimiz turmush farovonligi, huquqlarini taʼminlashdagi oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. 

Ma’lumki, 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingan edi. Oʻtgan qisqa vaqt mamlakat uchun muhim oʻzgarishlar davriga aylandi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yangilanishlarga asos boʻlgan ushbu hujjat Oʻzbekistonning demokratik islohotlardan aslo ortga qaytmasligini, qonun ustuvorligi va barqaror rivojlanishga mudom intilishini tasdiqlaydi. 

Asosiy qonunimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 17-oktabr sanasida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi. 

Hujjat bilan tasdiqlangan dastur doirasida bu yilgi bayram tantanalari “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoya asosida keng miqyosda nishonlanishi belgilandi. Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab bayram shodiyonalari yuqori kayfiyatda davom etmoqda.

Xususan, bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi. 

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. 

Shundan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan yig‘ilganlarni muborakbod etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev so‘zga chiqib, demokratik davlatning vujudga kelishi shart-sharoitlari, uning taraqqiyot bosqichlari, barkamol avlod, yetuk shaxs tarbiyasi, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Rasmiy chiqishlardan so‘ng marosimning badiiy qismi boshlandi. 

Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan “Jadidlar yodi” sahna ko‘rinishi, she’rlar, qo‘shiqlar ijro etildi. “Qalqon” guruhining harbiy mashqlari, Talabalar ijrosida Konstitutsiyamiz moddalari sharhi, “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘quvchilarining raqslari, kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Mehmon san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari bayramga o‘zgacha tarovat baxsh etdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish