Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi
Konstitutsiya, eng avvalo, har bir mamlakatning suvereniteti, milliy davlatchiligining rivoji, fuqarolarning hayoti, jamiyatdagi oʻrni va turmush tarzining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini belgilab beradigan asosiy qonundir. Konstitutsiya mustaqil huquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanadi. Unda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy xususiyati, taraqqiyotning bosh mezonlari, mamlakat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi muhim siyosiy, huquqiy hujjat sifatida jahonda yangi, suveren, istiqboli porloq davlat dunyoga kelganining o‘ziga xos shahodatnomasi bo‘ldi.
Bosh qomusimiz inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun qonun oldida tenglik tamoyili taʼminlanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirishning mustahkam poydevorini yaratdi.
Barchamizga ma’lumki, inson huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Agar insonning oilasini, mol-mulkini, uy-joyini devorlari himoya qilsa, Konstitutsiya shu devorning huquqiy poydevori sifatida maydonga chiqadi.
Konstitutsiya jamiyat va davlat hayotida alohida o‘rin tutadi. Konstitutsiya nafaqat normativ huquqiy hujjat, balki u mamlakatimizda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Aynan Konstitutsiya qoidalari uning miqyosi, ko‘lami, shaxsiy va davlat ahamiyatidan qat’i nazar har qanday huquqiy savolga javob izlashda asosiy ko‘rsatma hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasiga koʻra, “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi diyorimizning mustaqilligini yorqin namoyon etuvchi asosiy hujjat, baxtimiz qomusi, xalqimizning or-nomusidir. Negaki uning har bir moddasida, har bir bandida xalqaro huquq meʼyorlari ham, milliy bagʻrikenglik tamoyili ham aks etib turadi. Konstitutsiyaning 4-moddasida qayd qilinganidek, “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.
Mamlakatimizda yashayotgan barcha millat vakillari tili, eʼtiqodi, ijtimoiy holatidan qatʼi nazar Oʻzbekiston xalqini tashkil qilishi va ularning huquq va manfaatlari, shuningdek eʼtiqod erkinligi mustahkamlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasiga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar qonun oldida tengdirlar”. Konstitutsiyamizda ushbu huquqning aks etishi mamlakatimizda vijdon erkinligi taʼminlanishining huquqiy asosi sifatida xizmat qilmoqda.
Asosiy qonunda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari mazmunini bevosita ochib beruvchi ko‘plab moddalar mavjud. Uning muqaddimasidan tortib, yakunlovchi qoidalariga qadar inson, uning farovonligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik g‘oyalari singdirilgan. Har qanday davlat organining, har qanday mansabdor shaxsning faoliyati inson manfaatlariga bo‘ysundiriladi.
Mustaqillik yillarida davlatimizning Konstitutsiyasi jamiyatimizning asosiy huquqiy poydevori hisoblanadi. Eng muhimi Konstitutsiya tufayli O‘zbekiston Respublikasi yangi demokratik davlat sifatida dunyo siyosiy xaritasidan munosib o‘rin egalladi.
Shuningdek, 2023-yil 30-aprel yangi tahrirdagi Konstitutsiya 6 bo‘lim, 27 bob va 155 ta moddadan iboratdir. Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi bir qator ijobiy o‘zgarishlarga sababchi bo‘lmoqda:
– Inson huquqlari. Yangi Konstitutsiyada inson huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Har bir fuqaroning huquqlari va erkinliklari kafolatlangan;
– demokratik islohotlar. Konstitutsiyada demokratik jarayonlarni rivojlantirish, saylovlar va partiyalar faoliyatini mustahkamlashga oid normativlar kiritilgan;
– O‘zbekistonning suvereniteti. Yangi Konstitutsiya O‘zbekistonning suverenitetini va mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qoidalarni o‘z ichiga oladi;
– ijtimoiy adolat. Ijtimoiy adolatni ta’minlash, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yangi normativlar qo‘shilgan;
– yoshlar va ayollar huquqlari. Yoshlar va ayollarning huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rni va roli yanada oshirilgan.
– ekologik masalalar. Ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan normativlar kiritilgan, bu esa atrof-muhitni muhofaza qilishga yordam beradi.
Ushbu o‘zgarishlar O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishiga, inson huquqlarini hurmat qilishga va demokratik institutlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, ulug‘ ajdodlarimizning asriy armonlari, erkin hayot, farovon jamiyat va adolatli davlat barpo etishdek eng ezgu tilaklar va ulug‘ orzularini o‘zida mujassam etgan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi barcha qabul qilinadigan qonunlar va me’yoriy hujjatlar uchun mustahkam asos va dasturulamal, adolat mezoni sifatida xizmat qilmoqda.
Shahlo Maqsudova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Turizm (ziyorat turizmi)” yo‘nalishi 3-kurs talabasi
Izoh qoldirish