Qo‘chqor Norqobil: “Kitob – insonning qalbini ochadigan buyuk mo‘jiza”
Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Adabiy gurunglar” loyihasi doirasida elimiz suygan shoir-yozuvchilar, qalam ahli sohiblari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu kabi tadbirlar talaba yoshlarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Bugun loyiha doirasidagi navbatdagi uchrashuv O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi, shoir, dramaturg Qo‘chqor Norqobil bilan o‘tkazildi.
Tadbirda Akademiya Matbuot kotibi Erkin Doripov, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Rahmatilla Gaipnazarov, Axborot-resurs markazi xodimlari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Qo‘chqor Norqobil 1968-yil 5-martda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Mo‘minko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan. Adibning “Daryo ortidagi yig‘i”, “O‘n sakkizga kirmagan men bor”, “Kulib tur, azizim” “Quyoshni kim uyg‘otadi?” singari nasriy hamda “Xosiyatli dunyo” “Kaftimdagi qizg‘aldoq” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Sergey Yesenin kabi shoirlarning nasriy asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
Qoʻchqor Norqobil 2023-yili “Moskvaning oltin qalami” II Xalqaro festivalida nasr yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan tanlovda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Adibning “Aktyorning sevgisi” hikoyasi alohida eʼtirof etildi.
Shuningdek, ijodkor Rossiya Davlat Dumasi Jamoatchilik palatasi hamda Rossiya Xalqaro yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Muqaddas Anna” ordeni va boshqa koʻplab xalqaro mukofotlarga ham sazovor boʻlgan.
Qo‘chqor Norqobil zamonaviy o‘zbek adabiyotining atoqli vakillaridan biridir. Uning asarlarida urush va urush qahramonlari yetakchilik qiladi. Qahramonlarning ichki kechinmalari ta’sirchan tarzda yoritiladi. Bu esa ijodkorning yoshlik xotiralari, davri bilan bog‘liq. Adib afg‘on urushi qatnashchisi sifatida urushning daxshati va insoniyat uchun qanchalik vayronkor ekanini yaxshi biladi. Bu holatni hammadan ham ko‘ra teran his qiladi.
Taniqli yozuvchi bu jihatga to‘xtalib o‘tar ekan, talabalarga bugungi tinchlik, xotirjamlikni qadriga yetish, o‘qib-izlanish lozimligini qayd etdi.
Keyingi yillarda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga davlatimiz rahbari tomonidan katta e’tibor berilayotgani, kitob mutolaasi kishini ma’naviy kamolot sari yetaklashi, insonni har tomonlama yetuk, komil shaxs sifatida shakllanishidagi o’rni nihoyatda beqiyos ekanini ta’kidladi. Kitob – insonning qalbini ochadigan buyuk mo‘jiza ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish