1

Gender tenglikni ta’minlashning konstitutsiyaviy hamda ma’naviy asoslari

Yangi O‘zbekiston jahonning rivojlangan davlatlari qatori o‘z milliy qiyofasida, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida xalqimizning milliy mentalitetiga xos bo‘lgan ijobiy an’analar va qadriyatlarni saqlab qolgan holda maydonga chiqmoqdi. Bu davr jamiyatimizda inson huquqlarini ta’minlash, ayollarni ulug‘lash, davlat tomonidan ularning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilishning dalili sifatida tarixda yorqin iz qoldiradi.

Shu o‘rinda 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi ham mamlakatimizning yangi siyosiy-huquqiy qiyofasini namoyon etdi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deya belgilab qo‘yildi. Bu esa xotin-qizlar va erkaklarning oiladagi o‘ziga xos o‘rnini, shuningdek, jamiyatning turli jabhalarida teng imkoniyatlardan foydalana olishini qonunda aks etishidir.

Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi yurtimizda amalga oshirilayotgan gender tenglik siyosatning bosh g‘oyasi deyish mumkin. Shuningdek, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu borada barcha ma’ruzalarida ko‘p bora ta’kidlab o‘tadilar. 

Ayniqsa, 2023-yilning 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ana shu muhim o‘zgarishlar natijalari haqida to‘xtalib: “Gender tenglikka erishish borasida ham tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, o‘tgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etdi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa birinchi marta 35 foizga yetdi. Ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilindi”, deya ma’lumot berib o‘tdi.

Mamlakat rahbari o‘z nutqida “Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi” ekaniga urg‘u berib, “Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat”ligini ham alohida ta’kidladi. Bu ham sohaga eьtiborning naqadar yuksak ekanligidan dalolatdir.

Bilamizki, gender tengligi barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro kun tartibining strategik maqsadlaridan biri va uzviy qismidir. Uni amalga oshirish orqali jamiyatda o‘ziga xos ijtimoiy muvozanatni shakllantirishga erishish mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad esa, barcha sohalarda erkaklar bilan bir qatorda xotin qizlarning ham rolini oshirish, ularga ham keng imkoniyatlar yaratishdan iborat. 

Shu o‘rinda gender tengligi uzoq muddatli institusional yondashuvlarni taqozo etadi. BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan Global kun tartibining barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi 2021-yilning may oyida davlat idoralari, NNT, xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga oid sakkizta vazifani ishlab chiqdi va “Gender tenglikka erishish strategiyasi”ni qabul qildi. Unga muvofiq 2030-yilga kelib, xotin qizlarga nisbatan kasitilishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarining to‘liq va samarali ishtirokini hamda yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Xotin qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning maqsadi ham xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni tartiga solishni qo‘zda tutadi. Bu kabi huquqiy islohotlar jamiyatning huquqiy ongi va madaniyati oshirishda katta ahamiyatga ega.

Bilamizki, gender tenglik bir tomondan shaxslarning siyosiy huquqiy qiyofasini namoyon etsa, boshqa tarafdan unda insonlarning maьnaviy olami uyg‘unligini ham anglashimiz mumkin. Albatta, har bir millat va elatlar gender tenglik masalasini o‘zlarining milliy va diniy qadriyatlari negizida namoyon etadilar. Chunki ma’naviyat millatning asliyatini ochib beruvchi tushunchadir va madaniyat orqali tashqi muhitda aks etadi. Shu o‘rinda quyidagi mulohazani keltirsak: “Hech bir madaniyat gender neytral emas. Gender tushunchasi madaniyatga singib ketgan, boshqacha qilib aytganda, madaniyat qadriyatlar va me’yorlar, munosabat va stereotiplar to‘plami, ijtimoiy tarkibga kiritilgan, jinsga qarab belgilanadigan xatti-harakatlar va ijtimoiy o‘zaro ta’sirlardir”. 

Demak, gender tenglikda qadriyatlar ham namoyon bo‘ladi va ular o‘zaro bir biriga singib ketgan tushunchalardir. Yuridik fanlar doktori, professor Nigora Yusupovaning ham shu masaladagi xulosalari fikrimizga qo‘shimcha bo‘ladi: “Ayollar masalasi tahlil etilganda bir muhim narsaga alohida urg‘u berish lozim, ya’ni ayol huquqlari faqatgina huquqiy holat bo‘lmay, balki siyosat, ma’naviyat va ma’rifat, diniy e’tiqod va falsafa, jamiyatdagi turli o‘zgarishlar bilan bog‘liq holatdir. Ayol huquqlari ko‘p qirrali, muammoli va murakkab bo‘lib, turli zamonlarda turlicha namoyon bo‘lgan. Lekin uning siyosiy manfaatlar bilan bog‘liq xususiyati hamisha saqlanib, goh dinga, gohida esa huquqqa bog‘lab o‘rganilgan. Insoniyatning rivojlanish tarixi shundan dalolat beradiki, odamlarda o‘zi ishongan aqidalarga rioya qilish xususiyati kuchli bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ayollarga bo‘lgan munosabat inson huquqlarining bir bo‘lagi sifatida turli mintaqalarda, turli falsafa va adabiyotda, turli din va odatlarda turlicha, ba’zida bir biriga zid bo‘lgan holatlarda, ba’zan esa juda o‘xshash ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi”.

Albatta, ma’naviy asosga biz bevosita diniy qadriyatlarimizni kiritamiz. Milliy va diniy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan islom dini ta’limoti xotin qizlar va erkaklarning tenglik masalasiga o‘ziga xos yechim taqdim etgan. Buni Islomning ikki asosiy manbasi hisoblangan, Qur’oni karim hamda Hadisi sharifda kelgan hukmlar orqali bilishimiz mumkin. 

Hususan, Qur’oni karimda adolat va tenglik masalasiga 28 ta o‘rinda murojaat etilgan. Masalan, “Moida” surasi 8-oyatida: “Biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin!”. Yana shu suraning 42-oyatida: “Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling”. “An’om” surasi 152-oyat-da esa: “Gapirsangiz, garchi qarindoshingiz bo‘lsa ham, adolatli bo‘ling!”. Keltirilgan misollardan anglashiladiki, tenglik prinsipi ijtimoiy hayotda naqadar muhim ahamiyat kasb etadi”.

Umuman olganda, islomda gender tengilik masalasi xotin-qizlar va erkaklarning ijtimoiy rolini o‘ziga xos shaklda namoyon etadi. Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshisi qatoriga qo‘shadi. Bu xususida hadisda: “Sizlarning ichingizda eng yaxshigingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir”, deya marhamat qilinadi (Imom Termiziy rivoyati). Islom ayolga g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi, uning ijtimoiy darajasini oshirdi, erkaklar va ayollar Alloh oldida teng ekanligini tasdiqladi. Bu ham dinimizda tenglikning o‘ziga xosliklaridan biridir.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda gender tengligi masalasini ham siyosiy-huquqiy hamda ma’naviy asoslarini tahlil etish, bu boradagi islohotlarni amalga oshirish, kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan turli salbiy g‘oyaviy jarayonlarga qarshi kurashda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirib boradi. Bu boradagi ishlarning davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani esa islohotlarning yanada jadallashuvini ta’minlab beradi. 

Mohira Jumaniyazova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi o‘qituvchisi, erkin tadqiqotchi

Izoh qoldirish