1

Noqonuniy diniy ta’lim berishning salbiy oqibatlari

Ogohlik

O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida din va ta’lim sohasida muayyan tartib va qonun-qoidalariga ega. Mamlakatda diniy ta’lim berish huquqiy asoslar orqali tartibga solingan bo‘lib, mazkur jarayon davlat tomonidan tasdiqlangan muassasalarda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, dinning noto‘g‘ri talqini va turli xil radikal oqimlarning tarqalishi, ayniqsa noqonuniy diniy ta’lim berish orqali jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘diradi.

Odatda noqonuniy diniy ta’lim asosan diniy fanlar bo‘yicha ma’lumoti yetarli bo‘lmagan shaxslar tomonidan berilib, ular jamiyatda turli xil qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, noqonuniy diniy ta’lim ko‘pincha radikal g‘oyalarning tarqalishiga xizmat qilib, ekstremizm va terrorizm kabi xavfli oqimlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu kabi jarayonlar jamiyatda nizolar, murosasizlik holatlarini kuchaytiradi, natijada mavjud barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Ma’lumki, yoshlar jamiyatda faol, ammo hayotiy tajribasi kam bo‘lgan aholi qatlami hisoblanadi. O‘z navbatida, yoshlar noqonuniy diniy ta’limga ham tez beriluvchan toifa sanaladi. Jamiyatda noqonuniy diniy ta’lim bo‘yicha “takliflar” ortib borgani sayin, yoshlarning turli xil manbalar orqali taqdim etilgan yolg‘on ma’lumotlarga ishonish xavfi ortib boradi. Bu esa ular o‘rtasida diniy oqimlar yoki aqidaviy radikalizmga berilish xavfini kuchaytiradi. Natijada salbiy mafkuraviy ta’sirlarga uchrab, jamiyatda buzg‘unchilik rolini bajarib berish darajasi ham ortib boradi.

O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat bo‘lib, barcha millatlar va diniy oqimlar o‘rtasida bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat yuqori qadrlanadi. Noqonuniy diniy ta’lim berish esa yoshlarda o‘zga din vakillariga nisbatan mutaassiblashuv ortishi hamda diniy bag‘rikenglikni zaiflashtirib, millatlararo totuvlikka putur yetkazishi mumkin. Radikal g‘oyalarning tarqalishi dinlararo nizolar va millatlararo tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga binoan, diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatish, diniy tashkilot tomonidan faoliyatni o‘zi turgan joydan, shu jumladan ibodat qilinadigan binolardan va diniy tashkilotga tegishli hududlardan tashqarida amalga oshirish, shuningdek, diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi hamda 8-moddasida har kim diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, diniy ta’lim muassasalarida o‘qishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’lim olganidan keyin qabul qilinishlari belgilab qo‘yilgan.

Demak, fuqarolar diniy ta’lim bilan bog‘liq huquq va erkinliklarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishlari talab etiladi. Aksincha, noqonuniy diniy ta’lim bilan shug‘ullanuvchilar belgilangan tartib-qoidalarga bepisandlik bilan qarab, o‘z xatti-harakatlari orqali qonunni buzish holatlarining ortib borishi jamiyatda qonun ustuvorligining zaiflashuviga olib keladi. Bu holatlarda nafaqat ta’lim oluvchilar, balki butun jamoatchilikning qonunga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi va qolganlar ham o‘zboshimchalik bilan harakat qilishga moyil bo‘ladi. Qolaversa, huquqiy tizimning kuchsizlanishi jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarning izdan chiqishiga olib keladi. Shu sabab ham har bir fuqaro diniy ta’lim sohasida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilishi lozim.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida davlat noqonuniy tarzda diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq faoliyat uchun qonunchilikda muayyan javobgarlik masalasini belgilagan. Noqonuniy tarzda diniy ta’lmotdan saboq bergan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-moddasiga (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) asosan javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, “Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek, xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”. Huquqbuzar belgilangan jazo chorasiga qaramay bu ishini davom ettirsa, Jinoyat kodeksining 2292-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. 

Shunday ekan amaldagi qonunchilikka rioya qilish barcha fuqarolar uchun muqarrarligi, diniy ta’lim olish faqatgina rasmiy diniy muassasalarda berilishi, fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida diniy ta’lim olishi mumkin emasligi amaldagi qonunchilikda qat’iy belgilangan. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning xatti-harakatlari qonun asosida qat’iy ta’qib qilinadi. 

O‘z navbatida, noqonuniy diniy ta’lim berish nafaqat diniy soha, balki jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga ham jiddiy tahdid tug‘diradi. Noqonuniy shakldagi diniy ta’lim yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilib, ularning turli xil radikal oqimlar safiga qo‘shilib qolishlariga sabab bo‘ladi. Shuningdek, qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirib, jamiyat barqarorligi va diniy bag‘rikenglikka putur yetkazadi. Shunday ekan, noqonuniy diniy ta’limning oldini olish uchun davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi, huquqiy choralarni kuchaytirishi lozim.

Shukrullo Jo‘rayev,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i

Manba: “Ma’rifat” gazetasi 2024-yil 4-dekabr, 49-son

Izoh qoldirish