Akademiyada “Mehr ulashib” xayriya tadbiri o‘tkazildi
1992-yil 14-oktabr kuni Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni deb eʼlon qilingan.
Mazkur sanani nishonlashdan asosiy maqsad – butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo‘lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishi, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishi, ularning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlash, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan va 2008-yil 3-mayda kuchga kirgan. Konvensiya bilan bir paytda unga Fakultativ protokol qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi esa Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani 2009-yil 27-fevralda imzolagan.
Yurtimizda har yili mazkur sana e’tibor markazida bo‘ladi. Zero, mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi.
Ana shunday ezgu an’analarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida keyingi yillarda yurtimizda imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bugun shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Mehr ulashib” xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, fakultet dekanlari, tyutorlar hamda talabalari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, kam ta’minlanganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanganini qayd etdilar.
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi barcha sohalardagi yangilanishlarning mazmun-mohiyatiga chuqur singib borayotgani e’tirof etildi.
Tadbirda Akademiya talabalari tomonidan she’rlar o‘qilib, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Shundan so‘ng bir guruh Akademiyada tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan talabalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ta’kidlash joiz, sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi tomonidan Talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talabalarga birlamchi ehtiyoj uchun zarur bo‘ladigan 10 dan ortiq turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Talabalar samimiy subat davomida e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Akademiya rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish