3

Bolalar huquqlarini kafolatlash – davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi

Mamlakatimizda qadimdan bolalarni qadrlash va eʼzozlash masalalariga alohida eʼtibor berib kelingan. Keyingi yillarda bolalarga har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. 

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro darajadagi asosiy hujjat esa Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya hisoblanadi. Konvensiya 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan. Mazkur hujjat 54 ta moddadan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasi esa Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani 1992-yil 9-dekabrda ratifikatsiya qildi. Bolalarning Konvensiyada koʻrsatilgan huquqlariga rioya qilish va ularni himoya qilish uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar va kafolatlar yaratish mamlakatimiz davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Konstitutsiya oyligi” doirasida Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning qabul qilinganining 35 yilligi hamda “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti Dilafruz Karimovaning “Islom taʼlimotida bola huquqlari va taʼlim-tarbiyasiga oid meʼyorlar” kitobining taqdimotiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov, “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi mudiri Nigora Yusupova, kafedra professor-oʻqituvchilari, magistrlar hamda tarix fanlari nomzodi, dotsent Muslim Atayev ishtirok etdi.

Davra suhbatida soʻz olganlar tomonidan yurtimizda bola huquqlarini himoya qilish va kafolatlashning huquqiy asoslari yaratilgani, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod boʻlib yetishishini taʼminlash borasidagi ishlar davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani haqida soʻz yuritildi.

Tadbirda “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti Dilafruz Karimovaning “Islom taʼlimotida bola huquqlari va taʼlim-tarbiyasiga oid meʼyorlar” kitobi ham ayni shu mavzudagi dolzarb qoʻllanmalardan biri ekani taʼkidlandi.

Mazkur kitob islomda bola huquqlari va taʼlim-tarbiyasiga oid masalalarga bagʻishlangan. Kitob “Islom dinida bola huquqlari”, “Islom dinida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning huquqlari”, “Islom dinida bola taʼlim-tarbiyasi” hamda “Oʻzbekiston Respublikasida bola huquqlarini taʼminlashning huquqiy asoslari” kabi boblardan iborat.

Qoʻllanmada islom dinida bolalarning eʼzozlanishi, ularning jismoniy-maʼnaviy kamoloti, sogʻlom oilani shakllantirish masalalari, farzand tarbiyasida ota-onaning roli, bolani taʼlim va kasb-hunarga yoʻnaltirish, odobi, farzandlarni komil inson boʻlib ulgʻayishiga taʼsir etuvchi omillar, bolaning huquq va manfaatlarini himoya qilishning qonunchilik asoslari kabi masalalar atroflicha yoritib berilgan.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Izoh qoldirish