25

Yurtimizdagi diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiyaning Buyuk Britaniyadagi xizmat safari boshlandi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimi Shahzod Islomov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari direktorlari – Shovosil Ziyodov, Jamoliddin Karimov, Muzaffarxon Joniyev hamda soha mutaxassislaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning ilmiy-madaniy muassasalarida qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari dastlab Qadimiy qoʻlyozma manbalarni tadqiq etish va kataloglashtirishga ixtisoslashgan al-Furqon fondida davra suhbati tashkil etildi.

Al-Furqon fondi 1988-yilda Londonda tashkil etilgan. Jamg‘armaning maqsadi butun dunyo bo‘ylab islom merosiga oid qo‘lyozmalarni o‘rganish, kataloglash va saqlashdan iborat. Jamg‘arma mutaxassislari tomonidan dunyoning turli mintaqalarida ilmiy tadqiqotlar olib borilib, 60 dan ortiq nashrlar, asosan, kataloglar, jumladan, mashhur ko‘p jildli “Islom qo‘lyozmalari jahon tadqiqoti” kitobi chop etilgan.

Uchrashuvda Britaniya ilmiy doira vakillariga Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ijobiy oʻzgarishlar, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida xalqaro miqyosda ilgari surilayotgan muhim tashabbuslar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi ilmiy markazlar hamda al-Furqon fondi oʻrtasidagi oʻtgan davr mobaynidagi hamkorlik sarhisob qilindi. 

Fond rahbari Sali Shaxsivari Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan qadimiy boy ilmiy-maʼnaviy merosni oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. 

Al-Furqon fondi bilan Oʻzbekistondagi hamkor tashkilotlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish yuzasidan quyidagi takliflar bildirildi. 

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida manbashunos mutaxassislar uchun qoʻlyozmalarni kataloglashtirish hamda ularni raqamlashtirish boʻyicha oʻquv-seminarlarini tashkil qilish;

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi fondida saqlanayotgan qoʻlyozmalar katalogini al-Furqon fondi bilan hamkorlikda nashr etish;

Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot muassalalarining yangi nashrlarini al-Furqon fondiga, oʻz navbatida al-Furqon fondida chop etilgan yangi kataloglar toʻplamlarini Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlariga taqdim etib borish;

“Termiziy allomalar asarlari” nomli katalog asosida oʻzbek va ingliz tiladagi elektron katalogni yaratish;

Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlarining ilmiy jurnallarida britaniyalik olimlarning ilmiy maqolalarini nashr etib borish. 

Tadbirda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (woscu) tomonidan chop etilgan “Oʻzbekiston madaniy merosi durdonalari jahon toʻplamlarida” nomli albomlar toʻplami, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining yangi nashrlari, xususan, Imom Moturidiy “Kitob at-Tavhid” asarining taqdimoti tashkil etildi.

Uchrashuv yakunida al-Furqon fondi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tashrif davom etmoqda.

Izoh qoldirish