“Oʻzbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi kubogi” uchun zakovat intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi
Keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy jarayonlardagi oʻrnini kengaytirish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etib bormoqda. Bugun ular jamiyat hayotining turli jabhalari, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy jarayonlarda oʻz oʻrni va soʻziga ega. Bu esa davlat taraqqiyoti, barqarorligi va demokratiya ustuvorligining zaruriy shartidir.
Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, ShHT mamlakatlarining yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari oʻrtasida doʻstona hamkorlik muhitini yaratish, jamiyatda ayol-qizlarning oʻrnini kuchaytirish, ularning gʻoya va intilishlarini qoʻllab-quvvatlab borish, ShHT mamlakatlari va xalqlarini yaqinlashtirish, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik ruhini mustahkamlash uchun xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanishga qaratilgan turli loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.
Bu boradagi ishlarning davomi sifatida bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari talabalari ishtirokida “Oʻzbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi kubogi” uchun zakovat intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 25-noyabr – “Xalqaro ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni” deb eʼlon qilingani munosabati bilan oʻtkazilgan bellashuv talaba-qizlar ishtirokida tashkil etildi.
Unda jami poytaxtimizdagi 11 ta oliy taʼlim muassasalari, xususan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Xalqaro Nordik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillar universiteti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Oʻzbekiston jurnlistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetlarining talaba-qizlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish qismida soʻzga chiqqan Markaz direktori Qobiljon Sobirov, bu kabi tadbirlar eng avvalo, jamiyatimizda ayollarning salohiyatini ochib berish, ularning ilm-fan sohasidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlab borish maqsadida tashkil etilayotganini qayd etdi. Bugungi talaba qiz ertangi kunda oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishi bilan birga, ilmli, intellektual salohiyatli, keng dunyoqarashga ega farzandni tarbiyalaydigan ona ham boʻlishini, bilimli ayol – yorugʻ kelajak tarbiyachisi ekanligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Malika Kadirxanova, zamonaviy jamiyatda yoshlar, ayniqsa, ayollar, jamiyatning eng faol va istiqbolli qatlami ekanligiga toʻxtalib, zamonaviy dunyoda ayollarning oʻrni beqiyos ekanligi, ular iqtisodiyot, siyosat, fan, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy va boshqa sohalarni rivojlantirishga oʻz salmoqli hissalarini qoʻshib kelayotganlariga toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Ilyos Mirziyotov, tadbir, yosh avlodning intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirishga, jamiyatda ayollarning oʻrnini kuchaytirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarning bir qismi boʻlib, ishtirokchilar uchun oʻz bilimlarini koʻrsatish bilan birga, oʻzaro doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlash, bir-birlarining fikrlarini hurmat qilish va jamoaviy ishlash koʻnikmalarini rivojlantirish imkonini berishini taʼkidladi.
Tadbirda qatnashgan talaba-qizlar nafaqat oʻzlarining bilim-tafakkuri, balki mantiqiy fikrlash va jamoaviy ishlash koʻnikmalarini namoyish etishdi.
Bellashuv yakunida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalaridan iborat jamoa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-oʻrin Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 1-oʻrinni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti qo‘lga kiritdi.
Barcha ishtirokchilar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar. Gʻolib jamoaga “ShHT Xalq diplomatiyasi markazi kubogi” topshirildi.
Izoh qoldirish