1

Ilm-fan – Uchinchi Renessans poydevori

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Oriental universiteti rektori, Akademiya tadqiqotchisi Nozim Mamatoxunovning “Samarqand kalom maktabining shakllanishida Iyodiylar oilasining o‘rni (IX-X asrlar)” mavzusidagi 24.00.01 – “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi o‘tkazildi. 

Unda Akademiya huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda majlis a’zolari, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida kengash kotibi tadqiqotchi hamda uning ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng Nozim Mamatoxunov so‘zga chiqib, tadqiqotning maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadqiqotning maqsadi IX-X asrlarda Movarounnahrda Samarqand kalom maktabining shakllanishida Iyodiylar sulolasi vakillarining o‘rnini ochib berishdan iborat ekanini qayd etdi.

Dissertatsiyaning “Samarqand kalom ilmi maktabini tadqiq etishning ilmiy-nazariy asoslari” deb nomlangan birinchi bobida kalom ilmini tadqiq etishning metodologik asoslari, Abu Hanifa aqidaviy qarashlarining Samarqandda kalom ilmining shakllanishidagi o‘rni va Hanafiya aqidasining kalom ilmi bilan integratsiyalashuv jarayoni tahlil etilgan.

Ilmiy ishning “Iyodiylar sulolasi faoliyat olib borgan davrda Samarqanddagi ijtimoiy, siyosiy va madaniy holat” nomli ikkinchi bobida Iyodiylar yashagan davrda ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy muhit, “Daru-l iyodiya” va “Daru-l-juzjoniya” aqidaviy maktabining shakllanishi, unda Abu Nasr Iyodiy hamda Abu Mansur Moturidiyning ta’siri ochib berilgan. Iyodiy oilasi vakillari ilmiy merosining tasnifi amalga oshirilgan. 

Dissertatsiyaning “Masailu-l-asharu-l-iyodiya”ning Moturidiya ta’limoti rivojidagi o‘rni va hozirgi kundagi ahamiyati” nomli uchinchi bobida “Masailu l-asharu-l-iyodiya” risolasining moturidiya mutakallimlari ilmiy merosiga ta’siri va undagi mavzularning zamonaviy ijtimoiy va ma’naviy masalalar еchimidagi ahamiyati ko‘rsatilgan. 

Ilmiy ish yakuniga ko‘ra, Kengash a’zolari tomonidan Nozim Mamatoxunov “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tavsiya etilishga munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish