Jahon va milliy turizm rivojlanishida zamonaviy trendlar
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Jahon va milliy turizm rivojlanishida zamonaviy trendlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida amalga oshirilayotgan “Buxoro ziyoratgohlarining elektron 3D modelini yaratish” innovatsion loyihasi doirasida tashkil etildi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va jahon va milliy turizmdagi zamonaviy trendlarni muhokama qilish, mamlakatlarning tarixiy-madaniy merosi va turizmning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini o‘rganishga qaratilgan.
“Buxoro ziyoratgohlarining elektron 3D modelini yaratish” innovatsion loyihasi doirasida tashkil etilayotgan mazkur anjuman bugungi kunda turizm sohasidagi raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarning jadal rivojlanishini inobatga olgan holda juda muhim ahamiyatga ega. Konferensiya mavzusi, nafaqat turizmni rivojlantirish, balki tarixiy va madaniy merosni saqlash, himoya qilish va keng auditoriyaga taqdim etish sohasidagi yangi yondashuvlarni o‘z ichiga oladi.
Konferensiyada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nurislom Tuxliyev, Akademiya professori Ahmad Musa, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti Menejment kafedrasi professori Mashhura Alimova, Malayziya Tun Hussein Onn universiteti, Texnologiya menejmenti va biznes fakultet professori, Ta’lim fakulteti direktori Abdul Talib Bin Bon, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, “Turizm” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ravshanjon Risqulov, Qoraqalpoq Davlat universiteti, i.f.n., professor Rustem Adilchayev, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti katta o‘qituvchisi (Misr) Ossama Mostafa Elsetohy, Oriental universiteti vakili Yilmaz Chankaloglu, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, “Turizm” kafedrasi katta o‘qituvchisi (Pokiston) Irtaza Navazning nutqi, xorijiy va milliy ekspertlarning ma’ruzalari, jahon va milliy turizm rivojlanishida zamonaviy trendlariga bag‘ishlangan muhokamalarni o‘z ichiga oldi. Xususan, Turkiya, Misr, Malayziya, O‘zbekiston, Pokiston va boshqa mamlakatlardan kelgan olimlarning chiqishlari alohida e’tiborga molik bo‘ldi.
Konferensiya davomida “Jjahon mamlakatlarida turizm rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari va milliy turizmni rivojlantirishning ilmiy va nazariy muammolari”, “Turizmning barqaror rivojlanishi va iqtisodiy o‘sishga ta’sirining nazariy va amaliy masalalari”, “Ziyorat turizmini rivojlantirishning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va ularni milliy iqtisodiyotga joriy etish muammolari”, “O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqish”, “Tashqi va ichki turistlarni jalb qilishning zamonaviy usullari qo‘llash muammolari” hamda “Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish va kadrlar sifatini oshirish muammolari” kabi masalalar muhokama etildi.
– Bugungi konferensiya xalqaro maydondagi turizm sohasidagi eng muhim va dolzarb mavzularini qamrab olgan. – deydi Toshkent Kimyo xalqaro universiteti katta o‘qituvchisi (Misr) Ossama Mostafa Elsetohy. – Zero, turizmning mamlakatni xalqaro jamoatchilikka tanishtirishdagi oʻrni va ahamiyati katta.
Ushbu anjuman ham turizm sohasini rivojlantirish uchun eng asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Oʻzbekistonni xorijiy mamlakatlarga tanishtirish, xususan, Xiva, Buxoro, Samarqand, Toshkent kabi shaharlarning turizm imkoniyatlarini dunyoga namoyish etishga xizmat qiladi.
Mazkur konferensiyadan olgan taassurotim juda o‘zgacha. Oʻzbekistonga tashrifim davomida yurtingizni bugungi kundagi eng dolzarb masalalarda oʻzining oʻrniga ega boʻlgan mamlakat sifatida koʻrdim.
Anjumanda “Turizmda raqamli texnologiyalar transformatsiyasining nazariy va amaliy jihatlari”, “Luksor dunyo osori atiqalarining uchdan birini o‘zida jamlagan shahar”, “Turistik hududlarning xalqaro raqobatbardoshligi: zamonaviy tendensiyalar va yondashuvlar”, “Malayziyada turizm industriyasining umumiy ko‘rinishi va istiqboli”, “Jahon turizm autsorsing amaliyotini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari”, “O‘zbekiston Respublikasida rekreatsion turizmni rivojlantirish strategiyasi”, “Xalqaro mehmonxona sanoatini boshqarishdagi zamonaviy trendlar”, “Turkiyada turizmning kelajagi, sivilizatsiyalar uchrashish nuqtasi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
– Ushbu anjumanda qatnashayotganimdan juda mamnunman. Xorijlik olim va soha mutaxassislarining ishtiroki ham mazkur konferensiyaning naqadar dolzarbligi va nufuzidan darak berib turibdi, – deydi Oriental universiteti dotsenti (Turkiya) Yilmaz Chankaloglu. – E’tirof etishim kerakki, O‘zbekistonda keyingi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi turizm sohasidagi islohotlar, farmon va qarorlar turizm rivoji uchun xizmat qiladi. Sayyohlar uchun kerakli infratuzilmalar yaratilmoqda.
O‘zim turkiyalikman. Turkiya joriy yilning 9 oyi davomida birgina turizm sohasining o‘zidan 46 milliard dollardan ziyod daromad ko‘rdi. O‘zbekistonda ham buning uchun kerakli salohiyat va imkoniyat bor. Istanbuldagi qadimiylik Buxoroda bor. Bursadagi tabiat go‘zalligi Qo‘qonda mavjud. Konyadagi sakinat, xotirjamlik Samarqandda bor. Shuningdek, Toshkent, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlar O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylana oladi. Albatta, ularni dunyoga reklamasini qilish kerak. Bugungi konferensiya ana shunga xizmat qiladi.
Tadbir dasturida tarix, iqtisodiyot va turizm sohasida yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalari o‘rin olgan. Anjuman ishtirokchilari mahalliy va xalqaro miqyosdagi davlatlarning turizm rivojidagi roli, siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va ularning sayyohlar xavfsizligiga ta’siri hamda milliy turizm salohiyatini yanada rivojlantirish uchun xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
Anjumanda O‘zbekistonning turizm salohiyati va zamonaviy xorijiy trendlar, jumladan, raqamli transformatsiyalashuvning soha rivojiga ta’siri kabi strategik tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi, bu tashabbuslar turizm orqali xalqaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
– O‘zbekiston dunyodagi tarixiy yodgorliklari, muqaddas ziyoratgohlari mavjud sanoqli davlatlar qatoriga kiradi, – deydi Malayziya Tun Hussein Onn universiteti, “Ingliz tili va tilshunoslik” kafedrasi dotsenti, Tilshunoslik markazi dekani (Malayziya) Azmi Abdul Latiff. – Tashrifim davomida qadimiy obidalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Qolaversa, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligini ko‘rib, bu yurtga mehr-muhabbatim yanada ortdi.
Shunga amin bo‘ldimki, bugungi kunda rivojlangan davlatlar qatorida har sohada o‘rnini egallab kelmoqda. Xususan, turizm sohasida O‘zbekiston – Malayziya do‘stligini, o‘zaro hamkorligini yangi pog‘onalarga chiqarishni niyat qilganmiz.
“Jahon va milliy turizm rivojlanishida zamonaviy trendlar” mavzusidagi konferensiya ana shu jarayonlarda ko‘prik vazifasini bajaradi.
Muxtasaraytganda, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman jahon va milliy turizmni rivojlanishidagi zamovaviy trendlarga doir muhim masalalarni muhokama qilish uchun dunyo bo‘ylab yetakchi olimlar, ekspertlar va mutaxassislarni birlashtirdi.
Konferensiya milliy va jahon turizmini rivojlantirish loyihasida ishtirok etayotgan davlatlar o‘rtasida ilmiy va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun muhokama maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish