Akademiyada navbatdagi doktorlik dissertatsiyasi (DSc) muvaffaqiyatli himoya qilindi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi dotsenti Aziza Turg‘unovaning “Oliy ta’lim muassasalarida gerontopedаgogikaning diniy e’tiqod va tarbiyadagi ahamiyati” mavzusidagi 13.00.01 – Pedаgogikа nаzаriyаsi. Pedаgogik tа’limotlаr tаrixi ixtisosligi bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Akademiya huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda majlis a’zolari, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida kengash kotibi tadqiqotchi hamda uning ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Aziza Turg‘unova so‘zga chiqib, tadqiqotning maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadqiqotning vazifalari esa katta avlod vakillarining diniy bag‘rikenglik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishdagi tutgan o‘rnini ochib berish, avlodlararo munosabatlar tizimida gerontopedagogik tajribadan foydalanish mezonlarini aniqlashtirish, katta avlodning jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi maqomi, shuningdek, gerontopedagogika ta’limining diniy, pedagogik yondashuvlar asosida oliy ta’lim muassasalarida tutgan amaliy imkoniyatlarini diagnostika qilishdan iborat.
Dissertatsiyaning “Gerontopedagogikaning nazariy-metodologik asoslari” deb nomlangan birinchi bobida gerontopedagogika fanining shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari, nazariyasi va amaliyoti, ijtimoiy mohiyati, jahonning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlarida mazkur sohadagi xorijiy tajribalar, gerontologiya, andragogika, geriatriya, gerontopsixologiya tushunchalari, o‘zaro bog‘liqligi, islom dinining muqaddas manbai – Qur’oni karim va hadisi sharifda keksalarga e’zozlash, ularning tarbiyadagi ahamiyati, jamiyat, oila va ta’lim muassasalarida keksalikning maqomi hamda zamonaviy gerontopedagogik yondashuvlar asosida talabalar ta’lim tarbiyasi tizimini rivojlantirishning ilmiy-metodologik yo‘nalishlari tahlil etilgan. Islom ta’limotida, yoshlar tarbiyasi va ta’limiga alohida ahamiyat qaratilgan.
Dissertatsiyaning “Аvlodlararo munosabatlarda gerontopedagogik yondashuvni ta’minlashning konseptual asoslari” deb nomlangan ikkinchi bobida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda avlodlararo hamkorlikning o‘ziga xos jihatlari, avlodlararo munosabatlar tizimida gerontopedagogika tajribasidan foydalanishning mezonlari va keksa avlod vakillarida kognitiv faoliyatni rivojlantirish samaradorligi yoritib berilgan.
Dissertatsiyaning “Talabalarda gerontopedagogika tajribasidan foydalanishning amaliy-texnologik tizimi” deb nomlangan uchinchi bobida zamonaviy gerontopedagogik yondashuvlar asosida talabalar tarbiya tizimini rivojlantirishni modellashtirish, gerontopedagogik tajribani rivojlantirish texnologiyasi hamda ma’naviyat soatlarini tashkil etishda gerontopedagogikaning tarbiyaviy qadriyatlaridan foydalanish masalalari bayon etilgan.
Dissertatsiya natijasiga ko‘ra, Kengash a’zolari tomonidan Aziza Turg‘unova ilmiy darajani olish uchun munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish