1

Radikal, ekstremistik oqimlarga qarshi kurashning dolzarb vazifalari

Taassufki, bugungi globallashuv davrda ertamiz egalari bo‘lgan yoshlar buzg‘unchilikni maqsad qilgan kimsalar nishoniga aylanayotgani ham hech kimga sir emas. Ularning ongiga sof islom dini ta’limotiga zid aqidalarni singdirish, o‘zbekona milliy va diniy qadriyatlarimizdan voz kechishga targ‘ib etish kabi xatti-harakatlar avj olmoqda.

Buning oldini olish maqsadida joylarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida soha mutaxassislari, ekspertlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri bugun Toshkent davlat transport universitetida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida Akademiya rektori “Radikal, ekstremistik oqimlarga qarshi kurashning dolzarb vazifalari” mavzusida ma’ruza qildi.

Akademiya rektori tomonidan xatarli tahdiddan saqlanishning yagona yo‘li ma’rifat ekanligi, muqaddas dinimizda insoniylikning eng oliy namunasi ilm-ma’rifat ulashish, yaxshilik qilish, yaratilayotgan sharoitlarga shukronalik hissi bilan yashash lozimligi hayotiy misollar orqali tushuntirib berildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimiz asosida vatanparvarlik, fidoyilik va yaratuvchanlik ruhida tarbiyalash hamda aholini, ayniqsa, yoshlarni diniy mutaassiblik, turli yot g‘oyalar tahdidlaridan himoyalanish yo‘llari haqida so‘z yuritildi.

Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni qadriga yetish, loqayd va beparvolikka berilmaslik bo‘yicha tushunchalar berilib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yoshlarni diniy ekstremizm, terrorizm, radikalizm kabi salbiy illatlardan ogohlantirish va asrash muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. 

Izoh qoldirish