1

Akademiyada “Talabalar sayli” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 33 yilligi hamda “Oltin davrim” shiori ostida “Talabalar sayli” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.

Bayram saylini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova ochib berdi. 

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan yurtimiz bayrog‘i nafaqat O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzi, balki xalqimizning, shu yurtda tug‘ilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan turli millat va elatlarning tinchligi, hamjihatligi timsoliga aylanganligi, u yurtdoshlarimiz qalbiga faxr-iftixor tuyg‘usini solib, ularni tinchlikka, ezgulikka, ertangi kunga umid va ishonchini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muqaddas ramz ekanligi ta’kidlandi.  

Bayram tadbirida talabalar tomonidan she’r-qo‘shiqlar ijro etildi, tadbir ishtirokchilari e’tiboriga sahna ko‘rinishlari havola etildi. Ayniqsa, davlat mukofoti va stipendiyalari sovrindorlari bo‘lgan iqtidorli talabalarning chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.

Akademiya foyesi bo‘ylab fakultetlar tomonidan joylashtirilgan ko‘rgazma, milliy taomlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Ta’kidlash joiz, mazkur bayram tadbiri bilan bir qatorda “Yoshlar oyligi” doirasida talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha “Rektor kubogi” bellashuvlari o‘tkaziladi. Talabalarning bilim doirasi, tafakkurini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari muntazam tashkil etiladi.

Talabalar saylida “Eng faol va kreativ jamoa”, “Eng yaxshi bezatilgan joy”, “Eng quvnoq o‘yinlar tashkilotchisi”, “Eng yaxshi bezatilgan dasturxon” hamda “Eng faol ishtirokchilar jamoasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish