1

“17-noyabr – xalqaro talabalar kuni” munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining TABRIGI

Assalom-u alaykum, aziz talabalar!

Ayni damda yurtimiz oliy taʼlim muassasalari boʻylab Siz, aziz yoshlarning bayramingiz, “17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni” keng nishonlanmoqda.

Fursatdan foydalanib, barcha talaba-yoshlarni mazkur bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Yoshlik – inson hayotining eng goʻzal davri. Kuchga toʻlgan, katta imkoniyatlar, orzu-umid va rejalarga boy davri. Mana shu davrda amalga oshirgan ishlaringiz kelgusi hayotingizni belgilab beradi. Albatta, oʻgʻil-qizlarimizdan yoshlik bergan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish, zamonaviy ilm-fan va bilimlarga ega boʻlish talab etiladi. 

Prezidentimizning yoshlarga boʻlgan mehrini, yoshlarni ertangi kunning egalari sifatida imkoniyatlar bilan siylayotgani, bugun yurtimizda sizlar uchun yaratilayotgan cheksiz imkoniyatlar, eʼtibor va ragʻbatlar, albatta, sizlarga maʼnaviy, ruhiy jihatdan qanot boʻlayotganligini har jabhada koʻrib turibmiz.

Joriy yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlariga bayram tabrigida Muhtaram yurtboshimiz tomonidan yoshlarimizning erishayotgan yutuqlaridan cheksiz gʻurur, faxr va iftixor tuyib, “Mana, bizning qanday isteʼdodli, bilimli va matonatli yoshlarimiz bor! “Yangi Oʻzbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib boʻlgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir”, degan edi.

Bugun dunyoni yangicha idrok etadigan, millat gʻururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, oʻz taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan bir deb bilib voyaga yetayotgan kelajak avlod shakllanmoqda. Ular ham ajdodlar maʼnaviy merosini, ham umumbashariy qadriyatlarni, ayni vaqtda zamon bilan hamnafas boʻlib, oʻz sohasining bilimdoni boʻlishga intilayotgan umidli yoshlardir.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining boʻlajak yosh salohiyatli mutaxassis kadrlari yangi Oʻzbekistonimizning ertangi kunini, millat kelajagini belgilaydi. Shu bois, bugungi kunda,zamon talablariga javob beradigan yuksak madaniyatli, bilimdon yoshlarni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Buning natijasida Siz kabi yoshlarga barcha imkoniyatlar eshiklari ochiq. 

Qadrli talabalar!

Keyingi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirildi.

Ayni paytda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 2,5 ming nafar talaba xalqaro taʼlim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga oʻz sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda oʻz moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro taʼlim standartlari asosida ilm olishi uchun zarur sharoitlar yaratib bermoqda.

Akademiya axborot-resurs markazi fondi yangi kitoblar, oʻquv qoʻllanmalari bilan boyitildi. Oʻquv xonalari moddiy-texnik bazasi zamon talablari asosida jihozlandi. Mirzo Ulugʻbek tumanida qad rostlagan 400 oʻrinli yangi talabalar turar joyi Siz aziz yoshlarimizga tuhfa etildi.

Bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalanib, 2023/2024-oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriat bosqichining bir guruh talabalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib koʻrildi. Ularning safida Akademiyaning isteʼdodli talabalari ham bor.

Xususan, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 4-bosqich talabasi Eleonora Keldiyorova hamda Islomshunoslik fakulteti 4-bosqich talabasi Zebuniso Hashimxanova Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi. Islomshunoslik fakulteti 4-bosqich talabasi Dinora Eshboyeva Islom Karimov nomli davlat stipendiyasini qoʻlga kiritdi. 

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi magistri Husniyabonu Jonibekova 2024-yilda “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindoriga aylandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodini oʻrganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq hamda targʻib etish yoʻnalishida izlanish olib borayotgan talabalarni ragʻbatlantirish maqsadida “Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya” taʼsis etilgan.

Xususan, “Islomshunoslik” fakulteti 3-bosqich talabasi Jurabek Sheraliyev, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti 3-bosqich talabasi Muhammadnur Murodxonov, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 2-bosqich talabasi Gulnora Raimberdiyeva hamda magistratura mutaxassisligi “Islomshunoslik” yoʻnalishi 2-bosqich talabasi Odina Mahmudova 2024-2025-oʻquv yilida “Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya”siga sazovor boʻlishdi.

Yana bir ahamiyatli jihati, akademiya Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublikamiz oliy taʼlim muassasalari Milliy reytingida faxrli 2-oʻringa, professor-oʻqituvchilari ilmiy salohiyati reytingida esa, 70,74 foiz koʻrsatkich bilan 1-oʻringa sazovor boʻldi. 

Sport va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari bilan hamkorlikda talabalar oʻrtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari oʻtkazildi. Gʻolib va sovrindorlar orasida Akademiyamiz talabalaridan Akmal Bekbergenov, Saidkomil Qorayev, Shamsiddin Salomov, Ziyodaxon Yoldoshboy, Farida Mamadaminova, Abu Bakr Siddiq, Toʻrayev, Sadorbek Nizomov, Jamila Anarbayeva, Bekzod Izzatillayev, Fatxiddin Muhammadjonov kabi iqtidorli yoshlarimizning borligi bizni juda quvontirdi. 

Mazkur yutuqlar zamirida Akademiyamizning fidoyi professor-oʻqituvchilari, zahmatkash ustoz-murabbiylari, tyutorlarining hissasi beqiyos. Albatta, ushbu natijalar bizni hali toʻliq qanoatlantirmaydi. Shu bois, Akademiya ilmiy salohiyatini yanada oshirish, yosh ilmiy tadqiqotchilar, faol va tashabbuskor talabalarni har tomonlama moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish borasidagi ishlarimizni yana davom ettiramiz. 

Aziz farzandlarim!

Dinimizda ilm oʻrganish beshikdan qabrgacha farz ekanini eslab, talabalikning “oltin davri”da taʼlim uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanaylik, ustozlardan bir harf, bir jumla boʻlsa ham oʻrganib, unga amal qilishga harakat qilaylik.

Hadislarda talabalik farishtalar ham havas qiladigan ish ekani, ilm oʻrganuvchi kishiga osmondagi va yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytishi taʼkidlangan.

Buyuk muhaddis bobomiz Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda bu haqida quyidagicha qayd etiladi: “Kim ilm talab qilish yoʻlga yursa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qoʻyadi. Albatta, olimlar paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Albatta, paygʻambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar”.

Soʻzim yakunida Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, oʻz oldingizga qoʻygan maqsadlarga erishishda barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, omad va zafarlar tilayman. Vatanimizning munosib vorislari boʻlib kamol topishingizda muvaffaqiyatlar yor boʻlsin!

Bayramingiz muborak boʻlsin!

Uygʻun Gʻafurov,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish