2

“Bagʻrikenglik haftaligi”: tinchlik, totuvlik va bag‘rikenglikni tarannum etuvchi o‘zbekona model

Maʼlumki, UNESCO tashkiloti tomonidan dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqotni taʼminlash, millatlar va elatlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib, hozirda bagʻrikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Ularning yorqin namunasi 1995-yil 16-noyabrda Parijda UNESCO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida eʼlon qilingan “Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”dir. BMT Bosh Assambleyasining qaroriga koʻra, 1996-yildan buyon mazkur sana butun dunyoda “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida nishonlanadi. 

Jahon hamjamiyati davlatlari uchun gʻoyat dolzarb masalalardan biri hisoblangan diniy bagʻrikenglik muammosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi va jahon hamjamiyatining diqqatini tortdi. Mazkur hujjat koʻp oʻtmay BMTning 73-sessiyasida aʼzo davlatlar tomonidan yakdillikda qabul qilindi va 50 dan ortiq mamlakat bu rezolyutsiyaga hammuallif boʻlish istagini bildirdi. 

2023-yil 19-sentabr kuni esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Prezidentimiz keyingi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, global va mintaqaviy eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Shu maqsadda bugun poytaxtimizdagi “International Tashkent” mehmonxonasida “Bagʻrikenglik haftaligi” doirasida “Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” mavzusida anʼanaviy xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Mazkur konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil qilindi.

Anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar, UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxona xodimlari, diplomatik korpus vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, etnik-madaniy birlashmalar, diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniy markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ham qatnashmoqda.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, O‘zbekiston Koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Pak Viktor tabrik so‘zlari bilan ochib berdilar.

16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan ushbu xalqaro anjumanni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri boʻlgan diniy bagʻrikenglik, dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Xususan, huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat boʻlmish Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosatini qatʼiy davom ettirishda “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu gʻoya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar dadil ilgarilab bormoqda. Yangilangan Konstitutsiyada millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, soʻz va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun ekanligini ham taʼkidlash zarur.

Bundan tashqari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik va jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda UNESCO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi. Zero, bagʻrikenglik oʻzbek xalqi maʼnaviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Mamlakatda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elatning oʻzaro totuvligi, rasman roʻyxatdan oʻtgan 16 diniy konfessiya vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida eʼtibor qaratib kelinadi. 

Bu borada Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 74-maqsadida jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Unda yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuygʻusi, bagʻrikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash, allomalarimiz merosidagi yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, ularda bagʻrikenglik madaniyatini rivojlantirish; turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuygʻusini mustahkamlash bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Yurtimizda xilma-xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan kishilarning bir zaminda buyuk gʻoya va sof niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashligi bagʻrikenglikning yorqin namunasidir. Chuqur oʻylangan milliy va diniy siyosat tufayli Oʻzbekiston bugun butun dunyo mamlakatlari uchun bagʻrikenglik namunalarini oʻzida mujassam etgan davlat sifatida namuna boʻlmoqda. Oʻzbekistonning bu koʻp asrlik tajribasi oʻzbek millatiga xos bagʻrikenglik xususiyatlari Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andoza boʻlib xizmat qilmoqda. 

2019-yildan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sana Oʻzbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanadi. Bu yil ham ushbu anʼana davom etib, “Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” shiori ostida “Bagʻrikenglik haftaligi” boʻlib oʻtmoqda. Haftalik doirasida brifing, davra suhbatlari, konferensiyalar va boshqa madaniy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Konferensiya “Dinlararo muloqot va bagʻrikenglikni taʼminlashda yangi Oʻzbekiston va jahon tajribasi”, “Taʼlim va maʼrifatni rivojlantirish: dinlararo totuvlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻli” hamda “BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasining konfessiyalar va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi oʻrni” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.

Diniy bagʻrikenglik turli eʼtiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud boʻlishi, ular oʻrtasidagi hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishi bilan bevosita bogʻliq. Bu, oʻz navbatida, yurt tinchligi, taraqqiyoti va umuminsoniy madaniyat rivojiga xizmat qilgan. 

“Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada koʻrilgan masalalar mamlakatimiz tarixan koʻpmillatli oʻlka sifatida turli din va millat vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi va diniy jamoalar jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etayotganini ifodalaydi.

Yakunda “Bag‘rikenglik deklaratsiyasi” qabul qilindi.

Izoh qoldirish