Bayroq – hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzi
Oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgan har bir yurt bayrogʻining Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida muzaffar hilpirashini istaydi. Chunki bu mamlakatning dunyoda oʻz oʻrni, oʻz ovoziga ega ekanining tasdigʻi, mustaqilligining tan olingani ifodasidir.
Bu yil Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, mamlakatimiz davlat suverenitetining ramzlaridan biri sanalgan davlat bayrogʻimiz paydo boʻlganiga 33 yil toʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz aʼzolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrogʻimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirmoqda. Masalan, olimpiya oʻyinlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchilarimiz, sanʼat va ilm-fanda erishgan yuksak natijalari bilan dunyoga dovrugʻ solayotgan yoshlarimiz qoʻlida sarbaland boʻlgan yurtimiz bayrogʻini koʻrib, har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan gʻururlanamiz. Albatta, bu sana butun mamlakatimiz boʻylab oʻzgacha faxr, iftixor bilan nishonlanadi. Chunki bayroqning oʻzi ana shunday gʻurur, iftixor, millatning oʻzligi, mamlakatning ozodligi ramzidir.
Inson eʼtiqodsiz yashay olmaydi. Uning eʼtiqodi din-u diyonati, oʻzi tugʻilib oʻsgan diyorga, uning muqaddas ramzlariga boʻlgan mehr-muhabbati, munosabatida yaqqol namoyon boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi Vatanimiz ramzi boʻlishi bilan birga yurtimizning xorijdagi oʻziga xos tashrif timsoli, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Biz ona yurtimizni shu betakror, dunyoda tengi yoʻq ramz koʻrinishida anglaymiz. Uni koʻzlarimizga toʻtiyo qilamiz. Xizmat yuzasidan xorijiy davlatlarda boʻlganlar turli mamlakatlarning davlat bayroqlari orasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻini koʻrib nechogʻliq hayajon, hayrat va havas tuyishlarini koʻplarimiz boshimizdan oʻtkazganmiz.
Bugun Vatanimiz jahonga yangilanayotgan Oʻzbekiston sifatida oʻzini namoyon etmoqda. Dunyo ahli tabarruk diyorimizni uning qadimiy va boy tarixi, madaniyati, maʼnaviy-maʼrifiy ildizlari, jahon ilm-fani rivojiga hissa qoʻshgan allomalari bilan birga shiddatli va ortga qaytmas islohotlari, misli koʻrilmagan hajm va koʻlamdagi yangilanish jarayonlari bilan ham tan olmoqda, eʼtirof etmoqda. Uning tinchligi, osoyishtaligi, xalqining hamjihatligi, ahilligi, bunyodkorligi, mehr-oqibatiga havas qilmoqda. Yurtimiz bayrogʻi Oʻzbekiston ramzi boʻlishi bilan birga tinchlik, osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, totuvlik, taraqqiyot, bunyodkorlik, mehr-oqibat, kelajak sari dadil intilish, begʻubor va pokiza orzu-umidlarimiz, navqiron avlodning bezavol kamoloti, porloq istiqboliga ham oʻziga xos ishoradir.
Eʼtiborga molik jihati, mamlakatimizda Vatanimizning muqaddas razmlari maktabgacha taʼlim maskanlaridanoq jajji bolakaylarga oʻrgatila boshlanadi. Kichkintoylarning havas, hayajon, zavq bilan yurt bayrogʻini, yana ham toʻgʻrirogʻi, moʻjaz bayroqchalarni koʻtarib yugurib, baralla qoʻshiq aytib yurganlariga koʻp bora guvoh boʻlganmiz.
Shu bayroq orqali Oʻzbekistonimizga hurmat-ehtirom, sadoqat, mehr-muhabbat unib kelayotgan oʻgʻil-qizlar ongu-shuuriga singdirib borilmoqda. Shu bayroq orqali oʻgʻil-qizlarimiz yurtni yanada teranroq taniydi, anglaydi, idrok etadi, unga mehr va eʼtiqod qoʻyadi. Oʻz taqdirini, umrini, kelajagini Vatan taqdiri bilan uzviy bogʻlaydi. Baxtu istiqbolini Oʻzbekiston bilan uygʻun koʻradi. Vatan bayrogʻi Oʻzbekistonimizning betakror timsoliga, mardlik va vatanparvarlik, jasorat va matonat, ozodlik, hurlik, ezgulik, baxtu saodat ramziga aylangani aniq!
Taʼkidlash joiz, bayroq har doim ajdodlarimiz uchun ham ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, gʻalaba timsoli boʻlib kelgan. Tarixdan maʼlumki, Najmiddin Kubro yov qoʻlida shahid boʻlsa-da, changalida mahkam tutgan yalovni qoʻyib yubormagan. Dushman harchand urinmasin, uning qoʻlidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalarini kesib oladi. U oʻz yurtining bayrogʻini mana shu darajada muqaddas bilgan.
Buyuk bobokalonimiz Amir Temur qoʻshinida ham bayroqning ahamiyati yuqori boʻlgan. U adolat, kuch-qudrat ramzi hisoblangan. Jang-u jadallarda yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida eng kuchli bahodirlarga hadya qilingan. Bayroqning qulashi yoki dushman qoʻliga oʻtishi magʻlubiyat belgisi, deb qabul qilingan.
Davlat bayrogʻi mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoldir. Shunday ekan, milliy bayrogʻimiz Vatanimizning ramzi, xalqimizning orzu-intilishlari ifodasi ekanini unutmasligimiz, unga hurmat va eʼtiborni saqlagan holda, yanada sarbaland etishga har birimiz oʻz hissamizni qoʻshmogʻimiz lozim.
Rahmatilla Gaipnazarov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi
Izoh qoldirish