3

Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi omili

BMT Bosh Assambleyasining qaroriga koʻra, 1997-yildan buyon 16-noyabr butun dunyoda “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida nishonlanadi. 2019-yildan esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur sana bilan bogʻliq tadbirlar yurtimizda haftalik tarzida keng nishonlash anʼanaga aylandi. 

Bu yil ham ushbu anʼana davom etib, “Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” shiori ostida “Bagʻrikenglik haftaligi” boʻlib oʻtmoqda. 

Haftalik doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi omili” mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi.

Mazkur seminar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Malayziya islom ilmlari universiteti, Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti hamda Turkiyaning Saljuq universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda Turkiya, Malayziya, Qozogʻiston kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar, Din ishlari boʻyicha qoʻmita xodimlari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar ishtirok etmoqdalar. Anjumanda respublikada faoliyat yuritayotgan turli konfessiyalar vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy xodimlari va talabalari qatnashdi.

Ushbu xalqaro anjumanni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik va jahon miqyosida diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib etish, tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri boʻlgan dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish, istiqbolda belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida mamlakatda fuqarolarning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsion huquqlarini taʼminlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va dinlararo doʻstlik-hamkorlik gʻoyalarini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Unda Turkiyaning Saljuq universiteti professori Husayin Yilmaz, professor Mustafa Demirji, Malayziya islom ilmlari universiteti dotsenti Mohd Rosmizi Abd Rahman, Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti kafedra mudiri Faride Kamalova hamda Yassaviy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Bauirjan Sayfunov ekspert sifatida ma’ruza qildilar.

Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Odiljon Ernazarov, Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti dotsenti Albina Duysenbayeva ham ma’ruza qilishdi. 

Tadbirda Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi ruhoniysi, prototserey Sergey Statsenko, Toshkent shahar arman apostollik cherkovi ruhoysi Аramais Grigoryan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokir Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Odiljon Ernazarov, kafedra professor-o‘qituvchilari, talabalar, islomiy va noislomiy konfessiyalar vakillari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniyat markazlari ishtirok etdi.

Seminarda “Dinlararo munosabatlarning tarixiyasoslari va zamonaviy dunyoda yangi istiqbollar”, “Imom Gʻazzoliy va avliyo Avgustinning dinlararo muloqotga oid qarashlari”, “Diniy bagʻrikenglikni mustahkamlashning ilmiy-nazariy asoslari”, “Islom tarixida diniy bagʻrikenglik tamoyili va uning zamonaviy imkoniyatlari”, “Markaziy Osiyoda diniy ekstremizmga qarshi kurashda yumshoq kuchning roli” hamda “Dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashda dinshunoslikni oʻqitishning ahamiyati” mavzusida maʼruzalar tinglandi.

Abd Rahman Mohd Rosmizi,

Malayziya Islom ilmlari universiteti professori:

– Turli diniy anʼanalarda axloqiy va maʼnaviy rivojlanishga qaratilgan eʼtibor bagʻrikenglikni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. Bu esa oʻzaro hurmat va ezgulikka boʻlgan umumiy intilishlarga asoslangan mazmunli dinlararo muloqotga yoʻl ochadi. O‘zbekistonda yashovchi har bir fuqaro u qaysi millat vakili bo‘lmasin, qaysi dinga e’tiqod qilmasin o‘zaro birdamlikni har kuni ko‘rishi mumkin. Bu mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi eng muhim kuchdir. 

Faride Kamalova,

Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti kafedra mudiri:

– Insoniy qadriyatlarga asoslangan dinlararo muloqotning asosiy poydevori bagʻrikenglikdir. Bagʻrikenglik turli fikrlar, eʼtiqodlar va madaniyatlarni hurmat qilish sifatida taʼriflanadi hamda koʻp millatli va koʻp konfessiyali jamiyatlarda tinch-totuv yashashning zarur sharti sifatida koʻriladi.

Modomiki shunday ekan, har bir inson, butun jamiyat o‘zaro munosabatlarni xalqlarning turli-tuman urf-odatlari, madaniyati va qadriyatlarini tan olgan holda bag‘rikenglik asosiga qurishi zarur. Zero, tinch-totuvlik, bag‘rikenglik taraqqiyot garovidir.

Bauirjan Sayfunov, 

Yassaviy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori:

– Bagʻrikenglik diniy ekstremizmga qarshi kurashning asosiy vositasi hisoblanadi. Turli diniy va etnik guruhlar oʻrtasida oʻzaro tushunishni rivojlantirish va xurofotni kamaytirish orqali bagʻrikenglik barqaror jamiyatning asosini tashkil etadi. O‘zbekistonda esa dinlararo bag‘rikenglik, hamjihatlik azaldan mavjud. Teng huquqlilik, millatlararo totuvlik esa jamiyatning birdamligi va jipsligini ta’minlaydi.  

Seminar davomida bugungi kunda turli diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ahillik, hamjihatlik kabi rishtalarni yanada mustahkamlash, ulugʻ allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish, islom dinining tinchlikparvar vaa maʼrifatga asoslangan tamoyillarini qaror toptirish borasidagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanayotgani e’tirof etildi.

Qizg‘in munozara ostida o‘tgan konferensiya qatnashchilar uchun mazmunli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, soha vakillari tomonidan qilingan ma’ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. 

Yig‘ilganlar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgani ta’kidlandi. 

Tadbir yakunida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli ijodiy ishlar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish